Ketayotgan yilni sarhisob qilarkanmiz, dunyoning turli nuqtalaridagi mojarolar va inqirozlarga nazar tashlayapmiz. Ulardan biri Belarus-Polsha chegarasidagi migrantlar inqirozi bo’lib, Yaqin Sharq va Afrikadan chiqqan minglab odam Yevropa Ittifoqiga kirishga harakat qildi.
Yevropa uchun bu ilk migrantlar inqirozi emas, biroq tahlilchilarga ko’ra, Polsha-Belarus chegarasidagi vaziyat sun’iy yaratilgan. Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko migrantlardan Yevropaga qarshi qurol sifatida foydalanayotgani aytilmoqda.
“Lukashenko bu bilan Yevropadagi siyosiy raqiblarini zaiflashtirmoqchi, 2020-yildagi soxta saylovlardan so’ng uning mamlakatiga qo’yilgan sanksiyalar uchun o’ch olmoqchi”, - deydi Londondagi Kollej universitetida migratsiya bo’yicha mutaxassis Agniyeshka Kubal.
Lukashenko Iroq, Suriya, Eron kabi Yaqin Sharq va Janubiy Osiyo mamlakatlari fuqarolari uchun viza cheklovlarini yumshatdi. Yevropa uni Belarusga kirgan migrantlarni Yevropa Ittifoqi chegarasi tomon yo’naltirganlikda yoki eltiganlikda ayblaydi. Lukashenko inqirozni sun’iy ravishda yaratganini inkor etadi.
Iyul oyida ilk migrantlar Belarusdan qo’shni Litvaga o’tdi. Avgustga borib ular ko’p sonda Polsha chegarasida to’plana boshladi. Biroq Varshava zudlik bilan chegara xavfsizligini kuchaytirib, migrantlarga to’siq qo’ydi, jurnalistlar va gumanitar tashkilotlarni chegaraga yaqinlatmadi.
Polsha chegarachilari va migrantlar bir necha bor to’qnashdi, biroq chegara daxlsizligi saqlanib qoldi. Arosatda qolgan va umidsizlangan migrantlarning ba’zilari yurtiga qaytib ketishga majbur bo’ldi.
“Odamlar sovuqdan, ochlikdan o’layapti”, - dedi ulardan biri.
Polsha Belarusni gibrid urush olib borayotganlikda aybladi.
"Bu boshdan oxirigacha rejalangan va mamlakatimiz suverenitetini izdan chiqarishga qaratilgan amaliyot ekanini bilamiz. Lukashenko gibrid urushda aholidan qurol sifatida foydalanmoqda”, - deydi Polsha Bosh vaziri Mateush Moravetskiy.
Inqirozga qarshi chora ko’rish uchun Polsha favqulodda qonunlar qabul qildi.
“Polsha siyosiy boshpanaga da’vogarlar arizalarini qabul qilish o’rniga ularni ortga siqib chiqarmoqda. Yevropa bir tarafdan inson huquqlari va demokratiya mash’ali bo’lsa, boshqa tarafdan qonunga xilof amaliyotlar bilan shug’ullanmoqda”, - deydi tahlilchi Kubal.
Yevropa Ittifoqi Rossiyani Lukashenkoga bu masalada madad berayotganlikda ayblarkan, Belarusga qo’shimcha sanksiyalar qo’ydi. Kreml esa Yevropani gumanitar inqirozga yo’l qo’yayotganlikda ayblayapti.
Yevropaga yo’l yopiqligidan xunob migrantlarning bir qismi yurtiga qaytib ketgan bo’lsa-da, tahlilchilar inqiroz hali tugamaganini aytadi.
“Lukashenko yoz va kuzda ish bergan strategiyaga yana qaytadi, ya’ni kichik sonli guruhlarni chegara tomon yo’naltirishda davom etadi”, - deydi ekspert.
Facebook Forum