Breaking News

Nyu-York politsiyasi musulmon talabalarni zimdan kuzatgan


Nyu-York politsiyasi musulmon talabalarni zimdan kuzatgan
Nyu-York politsiyasi musulmon talabalarni zimdan kuzatgan

AQSh shimoli-sharqidagi o’nlab oliygohlarda musulmon talabalar maxfiy tarzda kuzatilayotgani ayon bo’lgach, huquq-tartibot organlariga tanqidlar yog’ilmoqda.

AQShdagi eng nufuzli oliygohlardan biri - Yel Universiteti prezidenti Richard Levin Nyu-York politsiya boshqarmasi olib borgan operatsiyani qoralamoqda.

“Talabalarimizni dini, millati va e’tiqodiga qarab kuzatish aqlga sig’maydigan ish, akademik qadriyatlarga ham zid”, - deydi u.

Huquq-tartibot organlari Nyu-Jersi, Konnektikut, Nyu-York va Pensilvaniya shtatlarida joylashgan 15 oliygohda musulmon studentlar va ular a’zo uyushmalar faoliyatini yillar davomida zimdan kuzatgani ma’lum.

Ular qayerga qatnaydi, qayerda ovqatlanadi, necha bor namoz o’qiydi, o’zaro va internet bloglarida qanday mavzularni muhokama qiladi – agentlar bu haqda ma’lumot to’plab borgan. Universitetlar ma’muriyati bu haqda xabardor qilinmagan.

Nyu-York shahar meri Maykl Blumbergning ta’kidlashicha, bu xatti-harakatlar asosli.

Nyu-York politsiyasi musulmon talabalarni zimdan kuzatgan
Nyu-York politsiyasi musulmon talabalarni zimdan kuzatgan
“Yel singari oliygohlar yoshlarga ziyo ulashadi, ularning bilim olishi va erkin fikr bildirishi uchun sharoit yaratib beradi. Bu erkinlik va imkoniyatlar himoyasida turganlar - aynan huquq-tartibot organlaridir. Terrorizmning oldini olish ularning vazifasi”, - deydi rasmiy.

Nyu-York musulmon ahli imi-jimida olib borilgan bu operatsiyadan g’azabda. Imom al-Haj Tolib Abdurashid, Islom Yetakchilari kengashi rahbari, politsiya har bir qadamimizni kuzatib yuribdi, deydi.

“Jamoamiz shu darajada nazoratda ekanidan bexabar edik. Sud ruxsatisiz nafaqat telefon suhbatlarini tinglashadi, balki masjidlardan tortib maktablargacha, kollej klublarigacha, hamma yoqda maxfiy agentlarni qo’yishgan. Mutlaqo qonunga zid”, - deydi imom.

AQSh Fuqaro erkinliklari uyushmasi va Konstitutsion huquqlar markazi kabi tashkilotlar bu borada hozirgacha hech narsa demagan. Nyu-York shahar politsiya boshqarmasi qo’shni shtatlarda kuzatuv olib borishga qanchalik haqli, degan savolga ham hozircha javob yo’q.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG