2001-yil 11-sentabr fojiasi ketidan Amerika maxfiy xizmati va butun razvedka tizimida ulkan o'zgarishlar ro'y berdi. Terror xurujlarining oldi olinmagani Markaziy Razvedka Agentligi ishini eplay olmaganidir deya bu boshqarmaga bosim oshdi.
11-sentabr kuni xurujlar samolyotlar yordamida amalga oshirildi. Elektron axborotlarni kuzatish bilan shug'ullanuvchi AQSh Xavfsizlik Boshqarmasi rahbari Maykl Xeyden o'sha kuni idorasida edi. Uning aytishicha, Markaziy Razvedka Boshqarmasi direktori Jorj Tenet unga qo'ng'iroq qiladi.
"Jahon bo'ylab al-Qoida tarmog'i orqali jangarilar bir-birlarini tabriklar edilar. Men Tenetga "aniq dalilim yo'qku, ammo bu ishni kim qilganini bilaman" dedim. Bu ishga al-Qoida qo'l urganidan xabardor edik", - deydi Xeyden.
Razvedka idoralari buni sezar ekan, nega xurujlarni to'xtatmagan? Jorj Tenetdan so'ng Markaziy Razvedka Boshqarmasi rahbari etib tayinlangan Xeyden "xuruj ko'lami bu qadar bo'ladi deb o'ylamaganmiz", deydi.
"Al-Qoida xurujni rejalayotgani haqida ma'lumot bor edi bizda, terrorchilarning aloqalarini kuzatardik, al-Qoida tarmoqlarining tayyorgarligi sezilardi, ammo aynan bizni nishonga olishlarini bilmasdik", - deydi u.
11-sentabr voqealaridan so'ng tuzilgan maxsus komissiya xulosalariga ko'ra, razvedka idoralarida bunga doir ko'plab ma'lumot bo'lgan, biroq hech kim uni tartibga solib, xuruj rejasini ochib bera olmagan.
Jumboq jumboqligicha qolgan. Muammo esa idoralarning ma'lumotni bir-biriga ulashmasligida ekani ayon bo'ldi.
Komissiya tavsiyalariga quloq solgan holda Kongress barcha razvedka idoralari faoliyatini muvofiqlashtirish maqsadida 2004-yilda davlat razvedkasi direktori lavozimini ta'sis etadi.
2009-yildan o'tgan yil mayigacha bu lavozimni egallagan Dennis Bleyrning aytishicha, muammo ma'lumotning ozligida emas, aksincha ko'pligida edi.
"Axborot shu qadar ko'p ediki, turli razvedka idoralarining xodimlari va kompyuterlar ularning orasidan eng muhimini aniqlab bera olmagan", - deydi u.
Kongress qarori bilan Terrorga qarshi markaz tuzildi. Markaziy Razvedka Boshqarmasi, Federal Qidiruv Byurosi, AQSh Xavfsizlik boshqarmasi kabi barcha idoralar vakillari markaz orqali axborot almasha boshlaydi.
Maykl Layter 2007-yildan joriy yil mayigacha uni boshqargan. Razvedka idoralariga hali ham ko'plab ma'lumotlar kelib tushmoqda, ammo axborotning ozidan ko'ra ko'pi yaxshi, deydi u.
"Razvedkachilar to'playotgan ma'lumotning qaysi biri uni tahlil qiluvchi idoralar uchun muhimroq ekanini bilmaydi, shuning uchun axborotning hammasi boshqarmalarga kelib tushadi. Uni tahlil qilib, ma'no chiqarish uchun, xurujni fosh etish uchun eng muhim axborotni topa bilish kerak", - deydi Layter.
Ayrim tahlilchilar nazarida Osama bin Ladenning o'limi va al-Qoidaga qarshi harakatlar va kuchli bosim uni halokat yoqasiga yetaklamoqda. Biroq, deydi Maykl Layter, bunday holat faqat al-Qoidaning Pokistondagi bo'limiga tegishli.
"Al-Shabab kabi Arab yarim orolidagi al-Qoidaga o'xshash guruhlar Somalida unga qo'shilgan. Al-Qoida mafkurasidan ilhomlangan mahalliy terrorchilar AQSh va G'arbda hamon jiddiy tahdiddir", - deydi u.
AQSh Razvedka boshqarmasi sobiq rahbari Dennis Bleyrning aytishicha, hozirda kichikroq xurujlar ehtimolidan ko'proq ogoh bo'lish kerak.
"11-sentabr voqealari kabi puxta rejalangan, yirik xurujni hozirgi sharoitda aniqlab, oldini olish oson. Ayni damda bir yoki ikki kishilik kichik, ammo xavfli xurujlardan qo'rqish kerak", - deydi Bleyr.
Maykl Layter deydiki, 11-sentabr xurujlaridan so'ng Qo'shma Shtatlar terrorchi guruhlarga qarshi katta muvaffaqiyatlarga erishdi, ammo yuz foiz yutuqqacha hali bor.
"Aksil-terror tarmoqlarimiz tunu kun mehnat qiladi, surunkasiga, yiliga 365 kun. Ammo qanchalik zo'r bo'lmaylik, axborot ulashishni qanchalik yaxshi yo'lga qo'ymaylik, axborot texnologiyamiz salohiyatini qanchalik kuchaytirmaylik, boshqa madaniyat va tillar bo'yicha bilimimizni qanchalik oshirmaylik, xatolarning bo'lishi tabiiy", - deydi razvedka markazining sobiq rahbari.
11-sentabr xurujlaridan 10 yil o'tib nafaqat terrorchilar, balki ularga qarshi kurash usullari ham o'zgarganiga qaramay, razvedkachilar oddiy odam ko'ziga ilg'amas bu muhim urushda bo'sh kelgani yo'q.