Breaking News

Milliy arxitektura siyosiy o'zlikni ifodalashga xizmat qiladimi?


Bugungi Ashgabat qiyofasi
Bugungi Ashgabat qiyofasi

Sovet ittifoqi qulagandan beri Markaziy Osiyo davlatlari milliy o'zligini topish yo'liga tushgan. Mamlakat qiyofasini, kelajagini u yerda qurilayotgan binolar orqali ham bilish mumkin, deydi Sirakyus universiteti tadqiqotchisi Natali Koch.

Sobiq sovet o'lkalarida milliy arxitektura, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:44 0:00

Bugungi Ostona, Ashgabat kabi Markaziy Osiyo shaharlariga nazar tashlasangiz, ulkan, o'ziga xos me'morchilik majmualariga ko'zingiz tushadi. Ularni bir-biri bilan yoki Fors ko'rfazidagi Dubay kabi shaharlar bilan bog'lab turuvchi jihat nimada? Eng ulkan, eng chiroyli, eng ajoyib kabi orttirma sifat darajalariga javob beruvchi majmualar ekanida, deydi Sirakyuz universitetida mamlakatlar siyosiy qiyofasini shaharlardagi o'zgarishlar orqali o'rganuvchi Natali Koch.

"Ko'pincha, bunday ulkan imoratlar talab borligi uchun emas, balki qandaydir yangi qiyofalarini, o'zliklarini ifodalash uchun quriladi. Biz zamonaviy musulmon davlatlarmiz, degan qarash bor bularning ortida", - deydi olim.

Tadqiqotchi so'zlariga ko'ra, Markaziy Osiyoning Qozog'iston va Turkmaniston kabi tabiiy zaxiralarga boy mamlakatlari kimo'zarga hashamatli imoratlar qurishda Birlashgan Arab Amirliklari kabi arab va musulmon dunyosining zamonaviy vakillaridan o'rnak olmoqda.

"Ostonaning bosh me'mori Chakanayev bilan suhbatlashganimda, u maqsadimiz odamlar Ostona haqida xuddi Dubay kabi gapirishlarini istaymiz, deb aytgan edi. Dubay kabi bo'lishini emas, Dubay kabi gapirishlarini istaymiz, deyapti. Ya'ni, ular qurilishlar bo'yicha Dubaydan nusxa olmoqchi emas, ammo o'shanday shon-shuhratga erishmoqchi", - deydi Koch.

Birlashgan Arab Amirliklari o'zining islomiy madaniyat va urf-odatlarini saqlab qolish bilan birga, dunyoning eng zamonaviy sayyohlik o'lkalaridan biriga ham aylangan. Qozog'iston ham sharq mamlakati ekanini unutmagan holda, kelajagini ana shunday zamonaviy va ilg'or mamlakat sifatida ko'rishni istamoqda.

Natali Kochning aytishicha, zamonaviy arxitektura obidalari orqali Ostona va Ashgabat o'zini tobora sobiq Sovet ittifoqi mamlakatlaridan farqli ekanini ko'rsatishga urinmoqda.

"Ashgabat ishni Ginnesning rekordlar kitobiga kirish bilan boshladi. Masalan, bu shahar dunyoning eng katta charxpalagini qurgan. Oq marmardan iborat eng ko'p imoratlarga egaligi bilan ham Ginnesning rekordlar kitobidan o'rin olgan", - deydi tadqiqotchi.

Ehtiyoj bo'lmagan va sarflangan mablag'ni hech qachon oqlamaydigan bunday ulkan inshootlarni qurishdan maqsad nima, deya so'raydi Natali Koch. Bu qurilishlardan, asosan, kim manfaat ko'rmoqda?

"Masalan, idorasi Turkiyada joylashgan "Sembol" qurilish kompaniyasi Qozog'istonda ko'p loyihalarni amalga oshirilgan. U Nazarboyevga yaqin bo’lgan odamlarga qaraydi. Bu tashkilot haqida Qozog'istonda ochiq gapirish xavfsiz emas. Noqonuniy qo'lga kiritilgan mablag'ni yuvishda tez-tez shunga o'xshash kompaniyalar xizmatidan foydalanishadi", - deydi amerikalik kuzatuvchi.

Tadqiqotchining aytishicha, o’ziga xos ulkan inshootlarni qurish ko’plab mamlakatlar uchun xos. Ammo Markaziy Osiyo va Fors ko’rfazi mintaqasida bu, asosan, neft va boshqa tabiiy zaxiralarga boy o’lkalarda kuzatiladi. Ulkan obidalar qurish geosiyosiy sahnada siyosiy o’zlik va milliy qiyofani namoyon etishning o’ziga xos usulidir, dedi Koch.

  • 16x9 Image

    Behzod Muhammadiy

    Behzod Muhammadiy AQShning Shimoliy Karolina universitetida jurnalistika bo'yicha tahsil olgan. Ijtimoiy-madaniy va ma’rifiy mavzularda yuzlab maqolalari bilan nom qozongan. 

XS
SM
MD
LG