AQShda saylov kampaniyasi so’nggi bosqichga kirib borar ekan, yoshlar orasida har ikki nomozddan norozilar har doimgidan ham ko’p. Bu esa saylovda qatnashuvchilar sonining kam bo’lishi haqida xavotirlarni oshirmoqda. “Amerika Ovozi” yoshlar bilan suhbatlashib, buning sababini o’rganishga harakat qildi.
Hofstra universitetidagi istalgan talabadan so’rang, ular bu yilgi saylovning muhim ekanini aytadi.
“Zamonaviy Amerika tarixidagi eng yaqqol tanlov oldida turibmiz”, - deydi Berni ismli talaba.
“Ko’p odam ovoz beradi, deb o’ylayman, chunki tomonlar orasidagi qarshilik kuchli”, - deydi Juliana.
Ilk prezidentlik bahsiga mezbon bo’lgan Nyu-York shahridagi talabalar shaharchasida bahslar juda qizg’in. Bunaqasi 2012-yildan beri kuzatilmagan. O’shanda ham universitet debatga mezbonlik qilgan edi.
Ammo Hostra universitetidagi talabalar faolligi barcha yoshlar orasida birdek emas. Ular, odatda, kuchli saylovchilar guruhini tashkil qiladi, ammo saylov kuni ko’zga tashlanmasa, ajablanarli hol emas.
Bu esa nomozdlar, ayniqsa, Hillari Klinton uchun xavotirli. So’nggi oylarda 18 va 34 yoshlilar orasida uning tarafdorlari kamayib bormoqda. Ular uchinchi partiya uchun ovoz berishni yoki saylovda mutlaqo qatnashmaslikni afzal ko’rmoqda.
“Odamlar ma’lum bir nomzod yutib chiqmasin deb saylovga borishadi, ishtiyoqlari yo’q. U yoki bu nomzod g’olib chiqmasin deb ovoz beraman”, - deydi bir talaba.
Tadqiqotchilar ham joriy saylovning o’ziga xos jihatlarini o’rganish bilan band. Yoshlarga yetakchi ikki partiyaning hech biri ma’qul emas, deydi professor Rozanna Perotti.
“Ular ko’proq iqtisodiyotga qiziqadi, endi nima bo’ladi, iqtisodiyotning ahvoli qanaqa? Atrof-muhitga ham e’tibor berilishini istashadi. Iqlim isishi odamzot yaratgan muammomi, degan bahslardan ular charchashdi. Bu ularning dunyosi va bu dunyoni ular meros qilib oladi”, - deydi u.
“Biz kelajak avlodmiz. Agar biz kelajak haqida o’ylamasak, keyingi avlodlar iqtisodiy va hatto ijtimoiy muvaffaqiyatsizlikka uchrashi mumkin”, - deydi bir talaba.
Saylovgacha bir oydan ko’proq vaqt qoldi. Hanuz kimga ovoz berishini bilmaydiganlar ko’p.
“Hali ham bir qarorga kelmadim. Chunki bu men uchun birinchi sayov. Menga juda manzur bir nomzod bo’lishini xohlagan edim, ammo unaqasi yo’q”, - deydi Juliana.
“Trampga tavakkal ovoz berib ko’rsammikan, degan fikrim ham bor. Boshqa tomondan, qarorim qat’iy bo’lishini xohlayman. Lekin bunga ko’zim yetmayapti”, - deydi yana bir talaba.
Jami uch debat davomida hali bir qarorga kelmagan saylovchilar nomzodlarni kuzatadi. Nafaqat savollarga berilayotgan javoblarni, balki ularning xalq oldida o’zini qanday tutishini ham.