Breaking News

Markaziy Osiyoda barcha davlatlar fuqarolari ustidan josuslik qiladi


Isroilning "Verint" kompaniyasi, shuningdek, Amerika va Yevropadagi ko'plab firmalar Markaziy Osiyo hukumatlarini ilg'or texnologiya bilan ta'minlab, repressiyaga o'z hissasini qo'shmoqda, deyiladi "Privacy International" tahlilnomasida
Isroilning "Verint" kompaniyasi, shuningdek, Amerika va Yevropadagi ko'plab firmalar Markaziy Osiyo hukumatlarini ilg'or texnologiya bilan ta'minlab, repressiyaga o'z hissasini qo'shmoqda, deyiladi "Privacy International" tahlilnomasida

Markaziy Osiyoda hukumatlar ilg’or texnologiyalarni ishga solgan holda o’z fuqarolarining elektron aloqalarini zimdan kuzatib, ular ustidan josuslik qiladi.

Britaniyada asoslangan “Privacy International”, shaxsiy huquqlarni himoya qiluvchi tashkilot o’zining 76 betlik tahlilnomasida besh respublikadagi vaziyatni sarhisob qiladi.

Milliy xavfsizlik xizmatlari asosan jamoatchi faollar, jurnalistlar, tanqidiy fikrlarini yashirmaydigan odamlarni nishonga oladi. Ularning tashqi dunyo bilan aloqasidan tortib, atrofdagilar bilan munosabatlari, jamiyatga ta’sirini ko’zdan qochirmaydi. Yig’ilgan ma’lumotlar asosida ko’plari javobgarlikka tortiladi yoki bu ma’lumotlardan qo’llangan hollarda fuqarolar tazyiqqa olinadi, qo’rqitiladi va boshqa jinoyatlarda ayblanib, ovozi o’chiriladi.

Isroilning ikki yirik kompaniyasi - "Verint" va "NICE Systems" – O’zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati va Qozog’iston Milliy xavfsizlik qo’mitasi bilan yaqindan hamkorlik qilib, ularni texnologik jihatdan quvvatlab kelmoqda, deya bayon etadi “Privacy International”.

Masalan, O'zbekistonda "Verint" ko'magida ishlaydigan ikki monitoring markazi Toshkent viloyati Bo'stonliq tumanidagi harbiy inshootlarda joylashgan va mahkam himoya ostida. Milliy xavfsizlik xizmati alohida kuzatish markazlariga ega. Ularda ham "Verint" va "Nice Systems" jihozlari o'rnatilgan.

Markaziy Osiyo davlatlarining hammasi monitoring markazlariga ega va “tahdid” darajasi ular yordamida o’lchab boriladi. Hukumat fuqarolarning eng shaxsiy ma’lumotlarini bemalol tekshirish va ularning hayotini kuzatish kuchiga ega.

Mobil aloqa kompaniyalari va internet provayderlar hukumatlarning talabini qondiradi va har qanday elektron kommunikatsiya elakdan o'tkaziladi.

Hammaning qo’lida mobil telefon bo'lib, millionlab odamlar internetda ekan, ularning ustidan josuslik qilish bugun har qachongidan ham oson.

O’zbekiston, masalan, nafaqat “Verint” balki AQShning “Netronome” kompaniyasi yordamida ham shaxsiy kommunikatsiyani kuzatadi.

Germaniyaning “Trovicor” va “Utimaco”, shuningdek, Rossiyaning bir necha texnologik firmalari ham monitoring markazlarini jihozlab kelmoqda.

Besh respublikaning barchasi kuchli vositalarga ega, deyiladi tahlilnomada. Texnologiya go’yoki mahalliy firmadan olinayotgandek ko’rsatiladi, ammo ularning ortida Amerika, Yevropa, Rossiya va Isroilda joylashgan yirik kompaniyalar turibdi. Ular mintaqa hukumati istagan asbob-uskunani yaratib, ishga solib beradi.

Italiyaning “Hacking Team”, Britaniya va Germaniyaning “Gamma” nomli texnologik o’choqlari O’zbekiston va Turkmanistonni kerakli sistemalar bilan ta’minlagan.

Qo’rqinchli tomoni shuki, deya ogohlantiradi “Privacy International”, mintaqaning birorta davlatida fuqarolar ustidan josuslik qilinishiga qarshi qonunlar qabul qilinmagan, mavjud qonunchilik esa juda zaif.

Dunyoning qayerida bo’lmasin, fuqaroni zimdan elektron kuzatish inson huquqlarini qo’pol ravishda buzishdir.

Boshqa ko’plab davlatlarda bo’lgani kabi Markaziy Osiyo respublikalarida ham hukumatlar maxfiy kuzatishni josuslik emas, davlat xavfsizligi uchun zarur ish deb izohlaydi va bunga haqqi borligini ro’kach qiladi. Oddiy odamlar yoki begunoh insonlar emas, dushmanlar yoki tashqi kuchlarga ishlayotgan fuqarolar nishonda, deya qayd etiladi.

O'zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati
O'zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati
Qozog'iston Milliy xavfsizlik qo'mitasi
Qozog'iston Milliy xavfsizlik qo'mitasi
Turkmaniston ham fuqarolar orasidagi aloqani zimdan kuzatishda yetakchi davlat
Turkmaniston ham fuqarolar orasidagi aloqani zimdan kuzatishda yetakchi davlat
Bishkek ko'chalarida
Bishkek ko'chalarida

“Privacy international” repressiya va siyosiy bosimga qarshi har qanday kompaniyani vijdonan ish tutishga chaqirmoqda. Biznes bu biznes ekani tushunarli, deyiladi tahlilnomada, lekin uzatilayotgan texnologiya zolim hukumatlar tomonidan odamlarni ezishga, adolatsiz tizim qo’lida azoblanishiga, qonun ustuvorligi mavjud bo’lmagan jamiyatlarda yuzlab balki minglab insonlarning begunoh qurbon bo’lishi uchun ishlatilmoqda.

Agar hukumatlar bu texnologiyalar bilan davlat xavfsizligi va tinchligini ta’minlashga, ularni fuqaro manfaatlari uchun qo’llashga bel bog’lagan bo’lsa, u holda siz ta’minlayotgan vositalar bilan qonunlar buzilmayotganini muntazam ravishda isbotlab tursin, deya undaydi “Privacy International”. Har bir biznes xalqaro qonunlarni unutmasligi va ular oldida javobgar ekanini bilsin.

Bu kompaniyalarning vatanidagi hukumatlarga esa quyidagilar tavsiya qilinadi:

Repressiya va zulm yo’lida xizmat qilishi mumkin bo’lgan, bunga yo’l qo’ymaslikni kafolatlovchi qonunlarga ega bo’lmagan mamlakatlarga texnologiya eksport qilinishga ruxsat bermang. Sizning yurtingizdagi kompaniya va shu tariqa siz foydasini ko’rayotgan texnologiya o’zga jamiyatlarda odamlarni qamash, qiynash va hatto o’ldirib yuborish uchun qo’llanayotganiga ko’z yummang. O’z fuqarolari ustidan josuslik qilayotgan hukumatlarga bu haqda ochiq ayting va muayyan shartlar qo’ying. Markaziy Osiyo davlatlarida bu borada qonunchilik bo’sh bo’lsa-da, hukumatlar inson huquqlarini e’zozlash majburiyatini o’z bo’yniga olgan. Fuqaroga bildirmay uning xatti-harakati va aloqalarini kuzatish, qanchalik eskirgan gap bo’lmasin, tubanlik va uning eng shaxsiy huquq va erkinliklarini buzishdir.

Zero, dunyodagi eng oliy hujjat - Inson huquqlari bo'yicha umumbashariy deklaratsiyada aytilganidek, insonning shaxsi, uyi, oilasi va boshqalar bilan aloqasi undan boshqa hech kimning ishi emas, bu uning fundamental erkinligi.

Fuqaro qonunni buzgani haqida dalil-isbot bo'lmagan holda, odamlarni yoppasiga zimdan kuzatish jinoyatdir.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG