Prezident Vladimir Putinning aytishicha, Rossiya terrorizmga qarshi xalqaro koalitsiya tuzish tarafdori. Shuningdek, Putinning so'zlariga ko'ra, Suriya rahbari Bashar al-Assad erta parlament saylovlarini o'tkazishga va muxolif partiyalar ishtirokini ta'minlashga tayyor.
"Ekstremizm va terrorizmga qarshi xalqaro koalitsiya tuzishni istaymiz", - dedi Putin juma kuni Vladivostokda o'tgan Sharqiy iqtisodiy forumda.
Amerika tomoni bilan bu borada muzokara olib borayapmiz, Prezident Barak Obama bilan bu haqda gaplashdik, dedi Rossiya rahbari.
Putin mavzuni Turkiya Prezidenti Rajap Toyib Erdog'an, Saudiya Arabistoni, Misr rahbarlari bilan ham muhokama qilgan.
Bunday koalitsiya tuzish bilan bir paytda Suriyaning o'zida siyosiy jarayonlar ham jadal kechishi kerak, dedi Putin. Assad bu fikrga qo'shilgan.
Putinning aytishicha, odamlar Suriyani Assad bois tark etayotgani yo'q, balki "Islomiy davlat" to'dasining qabigliklaridan qochmoqda. Shu bilan birga, siyosiy o'zgarishlar ham qilinishi lozim ekanini tushunamiz, deydi u.
Rossiya rahbarining so'zlariga ko'ra, Suriyada "Islomiy davlat"ga qarshi amaliyotlarda Rossiya ishtiroki haqida gapirishga hali erta. Lekin Moskva Damashqni jiddiy madad, xususan, aslaha va mashqlar bilan ta'minlayapti, deydi u.