Breaking News

Suriya shimolida janglar avjida


AQSh boshchiligidagi koalitsiyaga a’zo Turkiya havodan jihodchilar istehkomlariga qarata zarbalarni to’xtatmayotganiga qaramay, “Islomiy davlat” to’dasi AQSh va Turkiya shimoliy Suriyada barpo etmoqchi bo’lgan xavfsizlik zonasida hujumlarni davom ettirmoqda.

Xalab shimolida kurash avjida. Suriya isyonchilari dushanba kuni IShIDning Al-Majana va Tlalin qishloqlaridagi kuchlariga raketadan hujum uyushtirdi va Sadaf shahrini qayta qo’lga kiritishga muvaffaq bo’ldi.

Xalab shimolida joylashgan Al-Bab shahrida jihodchilar kurashlarda nobud bo’lgan isyonchilar jasadlarini tomoshaga qo’ydi. Keskin qarashlarga ega islomiy brigadalar hamda G’arb tayanchiga ega mo’tadil isyonchilardan tashkil topgan “Shamiya jabhasi” qo’mondonligiga ko’ra, IShID Marea shahrini ishg’ol qilishda davom etmoqda.

So’nggi kunlarda jangarilar Mareada ellikka yaqin xudkushlik hujumlarini uyushtirdi. Dushanba kuni uch kishi o’zini portlatgani haqida xabarlar bor.

Kuchaytirilgan harakatlar

IShID Aleppo shimolini nazorat qilishga qaratilgan hujumlarni iyun boshida boshlagan va Azaz shahrini ham qo’lga kiritib, Turkiyadan ta’minot yo’llari ustida nazorat o’rnatmoqchi edi. Qo’shni viloyat islomiy jangarilari bunga qarshi chiqdi. Hozirda AQSh va Turkiya Aleppo yaqinida xavfsizlik zonasini tuzishga harakat qilmoqda.

Davom etayotgan janglardan Suriya fuqarolar urushi naqadar murakkab va chalkashligi ayon bo'ladi. Suriya Prezidenti Bashar Assadga qarshi chiqqan isyonchilarning ayrimlarini G’arb, boshqalarini Turkiya va Forz ko’rfazi davlatlari qo’llab-quvvatlamoqda. Jang qilayotgan taraflar orasida ikki jihodchi tashkilot, kurdlar va Suriya hukumatiga qarashli kuchlar bor.

Xalab tevaragidagi janglar

Marea shahri Xalab atrofi uchun kechayotgan janglarda strategik ahamiyatga ega, chunki u Xalabdan 35 kilometr va Turkiya chegarasidan 10 kilometr narida joylashgan. Mareani nazorat qilgan taraf chegaradagi kurdlar anklaviga zarba bera oladi.

AQSh bu hududda jangarilarga qarshi hujumlarni jadallashtirganiga qaramay, isyonchilar IShID yo'lini to'sishda qo’shimcha kuch kerak, demoqda.

Tahlilchilar ham bu fikrga qo’shiladi. “Koalitsiya va Turkiya bir-biri bilan talashayotgan bir vaqtda Mareani IShID ishg’ol qilayotgan edi”, - deydi AQShdagi "Yaqin Sharq forumi" nomli tdqiqot markazi tahlilchisi Javad al-Tamimiy.

AQSh va Turkiya rasmiylari xavfsizlik zonasini barpo etishda farqli taktikalarni qo’llagan bo’lsa-da, endi kelishmovchiliklar ortda qolgani va hozirda murosaga erishilganini ta’kidlayapti.

“Bizning jangovar samolyotlarimiz koalitsiyaga tegishli harbiy uchqichlar bilan birgalikda qo’shma operatsiyani amalga oshira boshladi”, - deya bayonot berdi shanba kuni Turkiya Tashqi ishlar vazirligi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG