4-sentabr kuni Sochida Rossiya va Turkiya rahbarlari muzokara qildi. Vladimir Putin va Rajab Toyib Erdog’an uchrashuvida asosan ikkita mavzu muhokama etildi – g’alla kelishuvini tiklash va Turkiya orqali Yevropaga yoqilg’i uzatishni.
Iyul oyida Rossiya g’alla kelishuvidan chiqishi ketidan Ukraina don mahsulotlarini to’liq eksport qila olmayapti.
Ukrain g’allasini tashuvchi kemalar Turkiya orqali o’tadi, mahsulotlarning bir qismi shu mamlakatda qoladi, shu bois Erdog’an Putinni kelishuvni jonlantirishga ko’ndirishga harakat qildi.
Rossiya tarafiga ko’ra, eski bitim Rossiya don mahsulotlari va o’g’itlarini eksport qilishga yordam bermadi, Rossiya agrosanoatiga xizmat ko’rsatayotgan bankiga qo’yilgan sanksiyalar olib tashlanmadi.
Putin Rossiyaning talablari bajarilishi bilan kelishuv tiklanishini aytdi.
Rossiya g’alla kelishuvidan chiqishiga qaramay, Ukraina g’alla ortilgan kemalarni o’zi e’lon qilgan gumanitar koridor orqali chiqarishga harakat qilmoqda. Bugun Bosfor bo’g’ozida iyul oyidan beri uchinchi ana shunday kema ko’ringan.
Qora dengizni nazorat qilayotgan Rossiya kemalari Ukrainaga kirayotgan va undan chiqayotgan kemalar xavfsizligiga kafil bo’lmasligini bildirgan.
Bundan tashqari, Rossiya raketa va dronlar bilan Odessa portlarini tinmay nishonga olmoqda. Bugun ruslarning navbatdagi hujumida g’alla to’plangan omborlarga zarba berildi. Xususan Dunay daryosi bo’yidagi Izmail porti hujumga uchragan.
Ukraina tarafi ruslarning 32 ta dronidan 23 tasi urib tushirilganini da’vo qiladi.
Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitro Kuleba dronlar qo’shni Ruminiyaga tushganini aytarkan, Kiyevda buni isbotlovchi tasvirlar borligini va ular Buxarestga uzatilganini ma’lum qildi.
Rossiyaning NATO a’zosi bo’lgan Ruminiyaga hujumi isbotlansa, bu kattaroq mojaroga asos bo’lishi mumkin.
Biroq Kuleba Buxarest bu ishni bosti-bosti qilishini taxmin qilmoqda.
"Nazarimda, Ruminiya bo’lgan voqeani tergov qilmoqda va dron tushganini inkor etmoqchi. Ammo bizda “Shahid” dronlarining Ruminiyaga tushganini isbotlovchi fotosuratlar bor va buni inkor etishdan foyda yo’q. Ruminiya suveren davlat sifatida voqeani tergov qilib, o’z xulosasiga kelishmoqchi. Oxirgi paytda hamkorlarimiz mojaroga bevosita kirishib ketmaslik va vaziyatni keskinlashtirmaslik uchun ba’zi voqealarni boshqacha talqin qilishga odatlangan”, - dedi Kuleba.
Germaniyalik hamkasbi bilan uchrashgan Ruminiya Tashqi ishlar vazirasi Luminita Odobesku rus dronlari yoki qoldiqlarining Ruminiyaga tushganini inkor etdi.
Erdog’an bilan uchrashuvdan so’ng o’tkazilgan matbuot anjumanida Prezident Putin Ukrainaning 3 oydan beri davom etayotgan qarshi hujumiga baho berdi.
“Qarshi hujum turib qolgani yo’q. U muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Rossiya tinchlik muzokaralaridan hech mahal voz kechmadi. Bugun ham Prezident Erdog’an bilan uchrashuv chog’ida buni yana bir bor ta’kidladik”, - dedi Putin.
Anqara rus gazini Yevropaga eltishda energetika markazi bo’lishga intilmoqda. Putin va Erdog’an Turkiyada ruslar yordamida atom elektrostansiyasining qurilishi haqida ham gaplashgan. Akkuyu stansiyasining birinchi reaktori shu yil aprelida ishga tushgan. 1-2 yil ichida yana uchta reaktor qurilishini bitkazish rejalangan.
Ukraina Tashqi ishlar vaziri Kuleba Erdog’an Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan telefonlashib, Putin bilan uchrashuv natijasi haqida xabardor qilishini bildirdi.