Breaking News

Qatardagi yig'ilish natija bermagach, neft bahosi tushdi


Saudiya Energetika vaziri Ali al-Naimi (markazda) Qatarda neft ishlab chiqaruvchi davlatlar majlisida. 17-aprel, 2016-yil.
Saudiya Energetika vaziri Ali al-Naimi (markazda) Qatarda neft ishlab chiqaruvchi davlatlar majlisida. 17-aprel, 2016-yil.

Neftga boy qator davlatlar yakshanba kuni Qatarda to’planib, qora oltin ishlab chiqarishni vaqtinchalik to’xtatish xususida gaplashdi, ammo biror kelishuvga erisha olmadi. Bundan bosh tortayotgan Eron va Liviya majlisda qatnashmadi.

Jahon bozorida neftning arzonlashganidan xavotirlangan mamlakatlar ishlab chiqarishni muzlatish hisobiga narxlarni ko’tarmoqchi. Ammo 18 mamlakat vakillari majlisdan quruq qo’l bilan chiqdi.

Qatar Energetika vaziri Muhammad bin Solih al-Sadaning aytishicha, iyunda yana bir uchrashuv bo’ladi, ungacha esa tomonlar o’zaro maslahatlashishi kerak.

Kuzatuvchilarning aytishicha, Saudiya Arabistoni va Fors ko’rfazidagi ayrim mamlakatlar so’nggi pallada to’nini teskari kiyib oldi.

Riyod Tehron ham ishlab chiqarishni to’xtatmaguncha bu ishga qo’l urmasligini bildirdi. Eron sanksiyalardan zarar ko’rgan iqtisodiyotini tiklab olmaguncha, tashabbusni qo’llab-quvvatlamoqchi emas.

Eron Neft sanoati vaziri Bijon Zangonening aytishicha, Tehron ayni damda neft ishlab chiqarishni muzlatishga qaratilgan hujjatlarni imzolashga tayyor emas, shu sababdan Doxaga vakillarini ham yubormagan.

Muzokaralarning samara bermagani oqibatida bir necha kun oldin qimmatlagan neft yetti foizga arzonlashdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG