Breaking News

Chekishni tashlash mumkinmi?


Tamakining har qanday turi sog'lik uchun zararli ekani hech kimga sir emas. Biroq shuni bilib turib ham ayrimlar bu yomon odatni tashlay olmaydi. Chunki tamaki tarkibida nikotin moddasi bo'lib, kashandalarning ko'pi chekishni yoshligida boshlagan.

"Nikotin insonni o'ziga qaram qilib qo'yadi, juda ham kuchli modda", - deydi Jorj Vashington universitetidan Kimberli Xorn.

Unga ko'ra, odatda o'smirlar tamakining bir necha turini iste'mol qilib ko'radi - sigaretalar, kichik sigaralar, tutunsiz tamakilarni. Kashanda yoshlar tarkibida nikotin bor elektron sigaretalarni ham chekadi.

"Nikotin qancha ko'p bo'lsa, tamakiga o'rganish shuncha tez bo'ladi, chekishni tashlash shuncha og'ir bo'ladi", - deydi doktor Xorn.

Bu odatdan qutulish osonmas, uning turlicha yo'llari bor. Masalan, ba'zilar elektron sigaretaga o'tib, chekishni tashlamoqchi bo'ladi.

Sisi ismli bir ayolning aytishicha, u tamaki hidini, sigareta qoldiqlaridan iborat axlatni yoqtirmaydi.

"Chekishdan keyin og'zimdagi hid ham yoqmaydi. Bundan tashqari chekmaydigan odamlarga noqulayliklar tug'dirishni istamayman", - deydi u elektron sigaretaga o'tishini izohlarkan.

Izlanish natijalariga ko'ra, elektron vositalar hammaga ham yordam beravermaydi. Boshqalar tibbiy muolaja oladi, maxsus saqich chaynaydi, bu odatni tashlashga qaratilgan terapiyada qatnashadi.

Doktor Nensi Rigotti va boshqa tadqiqotchilar kasalxonadagi kashandalarga chekishni tashlashga va uylariga borgach ham bu odatga qaytmaslikka yordam beradigan sodda dastur yaratdi. Mijozlarga maslahat, nikotinga qarshi dori, plastir beriladi; kasalxonadan chiqqach ham ular bilan aloqada bo'linadi.

“Dorilar ham, konsultatsiya ham yordam beradi. Har ikkisi ishga solinsa, foyda yanayam ko'proq bo'ladi”, - deydi Rigotti.

Bu dasturda qatnashganlarning 70 foizi kasalxonadan chiqqanidan olti oy o'tib ham og'ziga sigareta olmagani aytiladi.

AQSh hukumati va xususiy tashkilotlar 1964-yildan beri tamakiga qarshi kampaniya olib boradi. Yel universitetida o'tkazilgan tadqiqotdan o'shandan buyon chekishni tashlagan odamlarning umri 30 foizga uzaygani aniqlandi.

Jahon sog'liqni saqlash tashkilotiga ko'ra, tamaki mahsulotlaridan har yili olti million odam nobud bo'ladi. Agar chora ko'rilmasa, 2030-yilga borib tamaki qurbonlari soni sakkiz millionga yetishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG