Breaking News
Din

Kreml Volga musulmonlarining radikallashishidan xavotirda


Tatariston bosh muftiysi Ildus Fayzovning terrorchilar hujumiga uchragan mashinasi xavfsizlik xodimlari tomonidan tekshirilmoqda, 19-iyul, 2012-yil.
Tatariston bosh muftiysi Ildus Fayzovning terrorchilar hujumiga uchragan mashinasi xavfsizlik xodimlari tomonidan tekshirilmoqda, 19-iyul, 2012-yil.
Shimoliy Kavkaz Sovet Ittifoqi qulaganidan beri radikal islomiy kuchlar jonlangan mintaqa sifatida Rossiyani tashvishga solib keladi. Ayrim ekspertlar nazarida, ekstremist diniy guruhlar faoliyati Rossiya Federatsiyasining boshqa respublikalari, jumladan, Tatariston va Boshqirdistonga ham yoyilmoqda. Vashingtondagi Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazida o’tgan ilmiy yig’inda rossiyalik dinshunos olim Sergey Markedonov shu haqda o’z fikrlarini bildirdi.
Rossiya hukumati mamlakatning etnik va diniy ziddiyatlarini hal etishda, xususan, muammoli musulmon o’lkalarini boshqarishda shu paytgacha Tataristonni o’rnak qilib kelgan. Bu yerda musulmonlar nafaqat yangi federatsiya davrida, balki, Sovet, hatto undan oldingi chor Rossiyasi davrida ham hukumatga sodiq fuqarolar sifatida tanilgan. Ammo o’tgan yili iyul oyida Tatariston muftiyatiga uyushtirilgan qonli xurujlar respublikada vaziyat o’zgarayotganidan darak bergandek.

Sergey Markedonov AQShda chop etilgan ilmiy risolasida buning sabablarini tahlil qiladi. Muallifga ko’ra, Shimoliy Kavkazdagi qonli g’alayonning sabablarini Rossiya va G’arb tadqiqotchilari ikki omilga bog’lashadi. Birinchisi ijtimoiy falokat, aholining qashshoqligi, iqtisodiyotning xarobligi bo’lsa, ikkinchisi Kremlning mahalliy aholiga nisbatan yuritadigan mustabid siyosati.

“Ammo Volga mintaqasida vaziyat boshqacha. Bu yerda aholi iqtisodiy muammolarga yuz tutmagan. Respublika neft va gaz zaxiralariga boy. Butun Rossiya sanoat mahsulotlarining 24 foizi Volgadan chiqadi. Gazni Yevropaga tashiydigan quvurlar ham Tatariston va Boshqirdistondan o’tgan”, - deydi Markedonov.

Unga ko’ra, Chechenistondagi g’alayonni bostirishda markaziy hukumat aynan Tatariston modelidan foydalanishga uringan.

“Mojaro arafasida Chechenistonda Tataristonning namunasini yaratish masalasi jiddiy muhokama qilingan. Markaziy hukumat Tatariston modeliga asoslangan 11 xil kelishuv taklif qilgan. Shuning uchun Tataristondagi vaziyatni Kavkazdagi sabablarga bog’lash noto’g’ri”, - deydi rus tadqiqotchisi.

Volgada haqiqatdan ham radikal islomiy guruhlar faoliyati jonlanyaptimi? Agar shunday bo’lsa, buning sababi nimada? Markedonov mintaqadagi musulmonlarning aksariyati, asosan, an’anaviy sunniylar ekanini ta’kidlaydi. Radikallashuv mahalliy aholining azaliy e’tiqodiga yot Salafiylar oqimiga mansub kichik guruhlar orasida kuzatilayotganini aytadi.

“Radikal musulmonlarning paydo bo’lish sabablari turlicha. Bu yerda “Hizbut-Tahrir”, “Jamoati Tablig’iya” kabi guruhlar bor. Kavkazda esa bunday guruhlar deyarli uchramaydi. Shuningdek, Volgada islomni qabul qilayotgan ruslar ko’p. Bundaylar radikal guruhlar orasida ham uchraydi”, - deydi u.

Kuzatuvchi nazarida, Volga musulmonlarining o’zgarishiga dunyoning globallashuvi ham ta’sir ko’rsatmoqda.

“Sovet davrida, undan oldingi imperiya paytida Volga musulmonlarining dunyo bilan aloqasi cheklangan edi. Ittifoq qulagach, dunyo eshiklari ochildi. Bu yerga global islom nomi ostida har xil aqidalar, diniy guruhlar kirib keldi. Ularning turli radikal kayfiyatlarning paydo bo’lishida roli katta ”, - deydi Markedonov.

Imperiya parchalanishi bilan nafaqat katta bir davlat barbod bo’ldi, balki Sovet ideologiyasi butunlay g’oyib bo’ldi.

“Shundan so’ng har bir millat o’zligini qidirishga tushdi. 90-yillar boshida eng ko’p urf bo’lgan g’oya milliy mustaqillik edi. U paytlar Kavkazda ham, Volgada ham islom muhim rol o’ynamagan”, - deydi Markedonov.

Musulmonlar o’rtasidagi bo’linish ham mintaqada ekstremizm kuchayishiga hissa qo’shayotgan omillardan. Volga musulmonlari mansub rasmiy muftiyat radikal musulmonlarga qarshi keskin kurash olib boradi. Ayni paytda, asosan, radikal guruhlar mamlakat muftiyatini tan olmasdan, mustaqil markazlarini tashkil etmoqda. O’tgan yili iyul oyida Tatariston muftiysiga qarshi uyushtirilgan suiqasdni ana shu ichki kurashning natijasi deyish mumkin.

Olimga ko’ra, radikal guruhlar orasida Arab bahoridan ilhom olayotganlar ham yo’q emas. Rossiya hukumati esa qo’zg’olondan so’ng hukumat tepasiga kelgan diniy guruhlar bilan qanday ishlashni bilmay boshi qotgan.

Volgada islom, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:19 0:00
Yuklab oling
  • 16x9 Image

    Behzod Muhammadiy

    Behzod Muhammadiy AQShning Shimoliy Karolina universitetida jurnalistika bo'yicha tahsil olgan. Ijtimoiy-madaniy va ma’rifiy mavzularda yuzlab maqolalari bilan nom qozongan. 

XS
SM
MD
LG