Breaking News

Qochoqlar Yevropaga oqib kelishda davom etmoqda


Suriyalik qochoqlar oilasi Serbiyada tunni ochiq havoda o'tkazmoqda.
Suriyalik qochoqlar oilasi Serbiyada tunni ochiq havoda o'tkazmoqda.

Yaqin Sharq va Afrikadan yo'lga chiqqan qochqinlar Yevropaga yopirilib kelishda davom etmoqda. Fransiya va Britaniya hukumatlari kelasi bir necha yil ichida kamida 20 ming qochoqni qabul qilishga rozi. Ammo bu G'arbga qarab intilayotgan bir necha yuz ming qochqin oldida arzimas raqam. Muhojirlarning aksariyati Germaniyaga borishni xohlaydi.

Vengriyadagi Keleti temiryo'l bekati Yevropaning Germaniya, Avstriya, Fransiya va Niderlandiya kabi boy davlatlariga oshiqayotgan qochoqlar uchun asosiy tranzit yo'lagiga aylangan.

Muhojirlarning aksariyati Suriya va Iroqdan. Afg'onistondan bo'lganlar ham bor.

"Ikki oydan beri yo'ldaman. Afg'onistondan Eronga keldik, keyin Turkiyaga o'tdik. Turkiyadan Gretsiyaga, so'ng Serbiya va keyin Vengriyaga o'tdik. Yo'lda juda ko'p muammolarga uchradik", - deydi Rizo Musazoda ismli qochoq.

Gretsiya ham Vengriya kabi qochoqlar oqimidan qiynalyapti.

Dushanba kuni yuzlab muhojir Gretsiyadan Makedoniyaga o'tdi. Ularning maqsadi poyezd yoki avtobus orqali Serbiyaga o'tish va u yerdan G'arbiy Yevropaga, ayniqsa, Germaniyaga yetib olish.

"Men Germaniyaga borishni xohlayman. Yaxshi hayot izlayapman. Urushni yoqtirmayman. Mamlakatimda doim urush", - deydi Ali ismli suriyalik.

BMT Qochoqlar agentligi hamda Xalqaro Qizil xoch jamiyati kabi yordam tashkilotlari qochoqlarga ko'mak berishga oshiqmoqda.

"Human Rights Watch" tashkiloti vakili Bil Frelik vaziyat xavfli va tartibsiz, deydi.

"Kun bo'yi odamlarga qaradik. Ayollar, bolalar yiqilib, hushdan ketyapti. Chunki ular issiqda, soyasiz joylarda turibdi, suvlari ham yo'q", - deydi u.

Frelikning aytishicha, bu yerdagi odamlar qo'rquvda va atrofda nimalar bo'layotganidan ham bexabar. Ular keraksiz darajada qiynalyapti, deydi huquq faoli.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG