Breaking News

AQShda qochqinlarning dehqonchilik qilishiga ko'mak berilmoqda


Har yili AQShga qabul qilinadigan qochoqlarning yarmidan ko'pi qishloq xo'jaligida ishlagan odamlar. Ular o'zlari bilan dehqonchilik ko'nikmalarini olib kelgani bois bu yerda yangi hayot boshlashlari oson kechadi. "Amerika Ovozi" Virjiniyaning Sharlotsvil shahrida ana shunday muhojirlarning ayrimlari bilan uchrashdi.

Har payshanba ertalab Dan Suba va boshqa muhojir dehqonlar yangi yig'ib olingan sabzavotlarni tozalaydi.

"Dalada ishlashni yaxshi ko'raman, chunki oziq-ovqatimni o'zim yetishtiraman", - deydi u.

Butanlik qochoq olti yil oldin AQShga kelishidan oldin 18 yil Nepaldagi lagerda yashagan.

"Nepalda o'rgangan dehqonchilik malakamni ishlata olayotganimdan xursandman", - deydi u.

Suba va dunyoning turli chekkalaridan kelgan boshqa qochoqlar Xalqaro qutqaruv qo'mitasining "Yangi ildiz" nomli dasturida qatnashmoqda. Loyiha doirasida muhojirlar shahardagi bo'sh yerlarda dehqonchilik qiladi. Dastur 10 yil oldin Kaliforniyaning San-Diyego shahrida boshlangan. Shundan beri u 20 shaharga yoyildi.

"Dastur turli qismlardan iborat. Avvalo, odamlarga dehqonchilik va bog'dorchilikdagi tajribalarini qo'llash imkonini beradi. Bu qo'shnilar bilan tanishish hamda uyga tabiiy yegulik olib borish fursati hamdir. Hozir shahar bo'ylab 3,5 gektar yerimiz bor", - deydi loyihaning Sharlotsvildagi boshqaruvchisi Bruk Rey.

Dehqonlar turli sabzavotlarni yetishtiradi. Ayrimlari muhojirlar kelgan mamlakatlarga xos, lekin amerikaliklar uchun notanish ekinlar.

Loyiha doirasida ta'lim akademiyasi ham tashkil etilgan. Bu yerda muhojirlar samarali dehqonchilik va kichik biznes sirlarini o'rganadi. Maqsad ularning daromadini oshirish.

"Biz bu yerda hammaning hunar va malakalarini yig'ib, ularni AQShda qanday ishlatishni o'rgatamiz. Ko'plab odamlar katta dalalarda ekin ekkan, bu yerda esa kichik maydonda ishlaymiz. Marketing, narxlash va fasllar haqida ham gaplashamiz", - deydi Rey.

Dehqonlar sabzavotlarni mahalliy restoranlarga sotadi.

"Mahsulotlari ajoyib. Ko'p vaqt sarflashadi, jiddiy e'tibor berishadi. Sabzavotlarga ko'p mehr ko'rsatishadi", - deydi mahalliy restoran xodimi Adam Spar.

Ular bo'sh yerlarni haftalik bozorlarga ham aylantirmoqda. Bu yerda kam ta'minlangan qo'ni-qo'shnilar arzon, lekin sifatli sabzavotlarni xarid qiladi. Ammo xaridorlar faqat ular emas.

"Har hafta kelaman. Sabzavotlar chiroyli va yangi. Ular uchun ko'plab retseptlarim bor. Narxlari esa juda cho'ntakbop", - deydi bir xaridor.

Qochqinlar asosiy ishlarini tashlab, butunlay dehqonchilik qilmasligi mumkin, ammo dastur ularga o'z jamiyatlari va hayot tarzlaridan uzilib qolmaslikka yordam beradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG