Breaking News

Qilichdoro'g'lining alaviy ekanini tan olishi saylovda unga foydami yoki zarar?


Kamol Qilichdoro'g'li
Kamol Qilichdoro'g'li

Turkiyada prezident va parlament saylovlari yaqinlashar ekan, ayrim kuzatuvchilarga ko’ra diniy omil muhim rol o’ynashi mumkin.

Xalqaro hayot - 28-aprel, 2023-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:43 0:00

Respublikachilar xalq partiyasining raisi va birlashgan muxolifatdan prezidentlikka yagona nomzod Kamol Qilichdoro’g’li yaqinda saylovchilar bilan uchrashuv paytida alaviy diniy oqimiga mansub ekanini tan oldi.

“Alaviylar islomni sunniylarga qaraganda o’zgacha talqin qiladi, marosimlari farq qiladi, falsafasi o’zgacha. Dinga qattiq berilgan sunniylar ularni bid’atchi deb biladi”, - deydi din va davlat o’rtasidagi aloqalar bo’yicha mutaxassis Istar Go’zoydin.

Alaviylar ibodatni masjidda emas, “jomevi” deb ataluvchi dargohlarda raqslar orqali qiladi, ayollari erkaklar bilan bir joyda namoz o’qishi mumkin, alaviy ayollarda boshni yopish shart emas.

Bu oqim vakillari tarixi davomida zo’ravonliklarga uchrab kelgan.

1993-yilda Turkiyaning Sivash shahrida alaviylar hujumga uchrab, madaniy festivali o’tayotgan mehmonxonaga o’t qo’yilishi natijasida 37 odam o’lgan.

Alaviylar bugun ham o’zlarini xavfsiz his qilmaydi. Selami Saritosh Istanbuldagi “jemevi”ning rahbari bo’lib, o’tgan yili dindorlar tomonidan hujumga uchradi.

“Qilichdoro’g’li alaviy ekanini tan olgan video jamiyatimizga katta yengillik keltirdi. Odamlar alaviy ekani haqida ochiq gapira oladigan vaqtlar keldi. Farzandlarimizning bu mamlakatda xavfsizlikda va tenglikda yashashini istaymiz”, - deydi Saritosh.

Biroq Qilichdoro’g’li ijtimoiy sahifalarda tanqidga uchramoqda, unga qarshi do’q-po’pisalar bo’lyapti, uni mamlakatni bo’lib qo’yayotganlikda ayblashyapti.

Prezident Rajab Toyib Erdog’an Qilichdoro’g’lining alaviyligini ko’p tanqid qiladi.

Saylovchilarning ba’zilari Qilichdoro’g’lining diniy qarashlarini shu paytgacha elektoral nogironlik deb ko’rgan edi. Ammo diniy, dunyoviy va millatchi partiyalar birlashib uni yagona nomzod deb tanlaganidan so’ng turk jamiyatida munosabat o’zgarmoqda, deydi ayrim kuzatuvchilar.

“Bir paytlar bu omil juda muhim edi. Balki 10 yilcha oldin. Ammo hozir islomiylar, millatchilar, dunyoviy qarash tarafdorlari va alaviylar “Millat ittifoqi” blokiga birlashganidan so’ng ushbu omil ahamiyatini yo’qotdi”, - deydi siyosatshunos Usmon Sert.

“YouTube”da Qilichdoro’g’lining alaviyligini tan olgan videosi 100 milliondan ortiq marotaba tomosha qilindi.

“Alaviy jamiyatiga qarshi shu paytgacha kuzatilgan diskriminatsiyani hisobga olganda bu juda ham jasoratli va muhim qadamdir”, - deydi Go’zoydin.

Diniy qarashlarini oshkor etish Qilichdoro’g’liga saylovda foyda keltiradimi yoki zarar, hozircha ma’lum emas. Saylov natijasi qanday bo’lishidan qat’i nazar, ayrim kuzatuvchilar bu Turkiyada alaviylarga nisbatan munosabat va muomalada ijobiylikka yetaklashini ta’kidlaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG