Turkiya bo’ylab o’z muxbirlariga ega “Dokuz Sekiz” axborot portali may oyiga belgilangan saylovlar oldidan mustaqil media sifatida o’sib, shakllanib bormoqda.
Muqim tarafdorlariga ega Prezident Rajab Toyyib Erdog’an hukumati mustaqil mediani avvalgiday qattiq nazorat qilmayotgani aytilmoqda.
“Muxolif yoki mustaqil medianing ta’sir kuchi oshgan. Hatto aytish mumkinki, saylov kunida ham mustaqil platformalarni kuzatuvchi auditoriya soni davlat kanallarinikidan ancha ko’p bo’ladi. Chunki axborot monopoliyasini o’rnatish harakatlari pand berdi”, - deydi “Dokuz Sekiz” bosh muharriri Gokxan Bichiji.
Biroq ommaviy axborot vositalarini nazorat qiluvchi hukumat idorasining mustaqil mediaga jarimalarni oshirib borishi yigirmaga yaqin xalqaro media va so’z erkinligini himoya qiluvchi tashkilotlar tanqidi ostida.
“Nazorat tanqidiy pozitsiyadagi televideniyega qarshi qurol bo’lmasligi kerak”, - deydi "Chegara bilmas muxbirlar" tashkiloti vakili Erol Onderog'li.
Hukumat idoraning tarafkashligiga doir ayblovlar asossiz ekanini bildirgan. Mustaqil “Xalq TV” studiyasining ma’lum qilishicha, jarimalar biznesning bir qismiga aylanib qolgan. Kanal kelasi oy yopilishi mumkinligini aytmoqda.
“Efirlarimizda har bir jumla, intervyu yoki bayonotdan jarimaga tortiladigan bir sabab topilmoqda. Doim sergak tortib turamiz. Menejerlar va kasbdosh jurnalistlar kanalni saqlab qolish uchun mas’ulmiz. Jarimalar va kanalning yopilishiga yo’l qo’ymaymiz”, - deydi kanal direktori Bengu Babaeker.
Mustaqil kanallar, xususan, Xalq TV ham fevral oyida yuz bergan zilzila va hukumat kamchiliklarini yoritishga jazm etdi. Garchi o’tgan xato va kamchiliklarni Prezident Erdog’anning o’zi oshkora tan olganini ta’kidlash joiz.
Tahlilchilar nazdida, tabiiy ofat ortidan kechgan bahs-munozaralar fonida mustaqil media o’z auditoriyasini kengaytirib olgan.
“Medianing yangi ovozlari bo’lmasa, hukumat kamchiliklari haqida eshitmagan bo’lar edik. Ular xolis axborot berdi. Muxolifat qarashini yoki muxolif siyosatchilar fikrini berish shart emas. Voqea joyidan asl vaziyat yoritildi. Saylov kuni ham shunday bo’lish kerak”, - deydi "Politikyol" jurnalisti Sezen Oney.
Biroq hukumat Turkiyada yangi mustaqil kanallar ochilishiga imkon bergan, sohani tark etgan ko’plab jurnalistlar ishga qaytgan. Xalq ham ikkiga bo’lingan. Erdog’an tarafdorlari muxolifat terror tashkiloti va LGBT jamiyatini yoqlashiga, mamlakat infrastruktura va sanoatini amaldagi rahbar rivojlantirganiga urg’u bermoqda. Muxolifat tarafdorlari esa, mamlakatni 20 yil boshqargan rahbar o’rnini zamonaviy qarashga ega tomonga bo’shatib berishi kerakligini, Turkiyada iqtisodiy muammo va inflyatsiya uchun Erdog’an javobgar ekanini aytmoqda.
Facebook Forum