Yaqinda Istanbulda bo’lib o’tgan futbol o’yini paytida ishqibozlar hukumatni iste’foga chaqirdi. Ular amaldorlarni Turkiyani qaqshatgan zilzilalardan keyin chora ko’rishda sustkashlikda ayblamoqda.
“Tartibsizlikni ko’rsangiz edi. Hali ham ayrim joylarda chodirlar yetishmayapti. Ayrim odamlar ko’chada qolib ketgan. Bu shunchaki bir tabiiy ofat emas. Bu qisman mas’uliyatsizlik, korrupsiya va tanish-bilishchilik oqibatida vujudga kelgan ofatdir”, - deydi Okan universitetidan Zeynep Olimdor.
Tabiiy ofatning eng boshidan hukumat sust harakat qilgan bo’lsa-da, Istanbulda odamlar birinchi kundanoq tashabbusni qo’lga olib, jabrdiydalar uchun oziq-ovqat, kiyim-kechak, suv to’plab, odat zonasiga yubora boshlashdi.
Muxolif Respublikachilar xalq partiyasiga mansub shahar hokimlari, jumladan Anqara va Istanbul rahbarlari tezlik bilan qidiruv va qutqaruv guruhlarini safarbar etdi.
“Ular saviyaliroq va samaraliroq chiqdi, o’z resurslarini tezroq safarbar etishga qodir bo’lishdi. Bu zilzilalar mavzusiga jiddiy yondashib, kerakli tayyorgarliklarni ko’rib, chora ko’rish uchun sarmoya qilinsa, tog’larni ag’darish mumkinligini ko’rsatdi. Bu shuningdek hukumat da’volariga qaramay, muxolifat ishni uddalashga qobiliyatli ekanini ham namoyish etdi”, - deydi Qodir Has universiteti professori Soli O’zel.
Ofat zonasiga ilk borishida Prezident Rajab Toyib Erdog’an tanqidchilarni noshukur va uyatsiz deb atadi. Biroq shundan keyin Adiyaman shahriga borib, xalqdan chora tez ko’rilmagani uchun uzr so’radi.
"Zilzilalarning halokatli ta’siri va ob-havoning buzuqligi sabab Adiyamanda boshida bir necha kun harakatga tusha olmadik. Buning uchun uzr so’rayman”, - dedi u.
14-may kuni Turkiyada prezident va parlament saylovlari o’tkaziladi. Erdog’an boshpanasiz qolgan yuz minglab odam uchun bir yilda uy qurib berishni va’da qildi. Biroq muxolifat bunga ishonmayapti. Tahlilchilar nazarida, tabiiy ofat Turkiyani chorrahaga keltirib qo’ydi.
“Hamma shokda. Tabiiy ofat yuzimizdagi eng jirkanch nuqsonlarimizni oshkor etgan ko’zgu bo’ldi. Bunday davom etishi mumkin emas endi”, - deydi “Siyosiy yo’l” axborot sahifasidan Sezin O’ney.
Erdog’an xalqni birdamlikka chaqirar ekan, Turkiya yuzlashayotgan muammoni hal etishda yolg’iz uning tajribasi qo’l kelishini da’vo qilyapti. Muxolifat nazarida esa tabiiy ofat Erdog’anning 20 yillik layoqatsiz boshqaruvi va korrupsiya natijasi bo’ldi. Turklar hissiyotli saylovlarga ko’nikib qolgan, biroq kuzatuvchilar bu yilgisi odatdagidan murosasiz bo’lishini taxmin qilmoqda.
Erdog’an va uning “Adolat va taraqqiyot” partiyasiga muxolifatda bo’lgan oltita partiya o’tgan yili birlashib, saylovga yagona nomzod qo’yishga kelishib olgan edi. Biroq ulardan biri bugun koalitsiyadan chiqishi haqida ma’lum qildi.
Millatchi “IYI” partiyasining lideri Meral Akshener ittifoqqa kirgan qolgan besh partiyaning Respublikachilar xalq partiyasining raisi Kamol Qilichdoro’g’li nomzodini prezidentlikka taklif etish rejasiga qarshi ekanini bildirdi.
Akshener respublikachilarning boshqa vakillari – Istanbul hokimi Ikrom Imomo’g’li va Anqara hokimi Mansur Yavashni prezidentlikka loyiq deb bilishini aytdi. Unga ko’ra, shundagina koalitsiya Erdog’anni mag’lub etishi mumkin.
Facebook Forum