Breaking News

Turklar suriyalik qochqinlarni talon-tarojda ayblayapti


Turkiyada turli mamlakatlardan borgan qutqaruvchilar insonlar hayotini qutqarishdek oliyjanob ish bilan shug’ullanayotgan bir paytda itjimoiy sahifalarda talon-taroj aks etgan videolar ham tarqalmoqda. Ayrim turklar buni suriyalik qochqinlardan ko’rarkan, mamlakatda ularga nisbatan salbiy munosabat kuchaymoqda.

Xalqaro hayot - 15-fevral, 2023-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:33 0:00


“Twitter”da “Muhojirlar deportatsiya qilinsin”, “Suriyaliklar bizga kerakmas”, mazmunidagi da’vatlar ko’p uchramoqda.

Zilzila natijasida uysiz qolgan qochqinlar lagerlardan haydalganini aytadi.

Har kuni mamlakatda o’nlab odam talon-taroj, o’g’rilik uchun ushlanmoqda, ba’zilarini ko’chada odamlarning o’zi jazolamoqda. Prezident Rajab Toyib Erdog’an bunday odamlarga nisbatan qattiq chora ko’rilishi haqida ogohlantirdi.

Suriyalik sobiq muxolif siyosatchi Mustafo Ali Mersin shahrida boshpana tashkil etib, 250 ga yaqin vatandoshini o’z qanoti ostiga oldi. Unga ko’ra, hozirgi sharoitda suriyaliklar zilzila oqibatida uyidan ayrilgan turklar bilan bir lagerda turmagani ma’qul.

"Madaniyatimiz, turmush tarzimiz, tilimizdagi farqlar munosabatlarga pand bermoqda. Alohida turganimiz ayrim muammolardan uzoqroq turishga yordam beradi”, - deydi u.

Turkiyada 2011-yilda boshlangan fuqarolar urushidan qochgan salkam 4 million suriyalik bor. Aksariyati janubda Suriya chegarasiga yaqin joyda joylashgan. Taxminan yarim million suriyalik zilziladan qattiq zarar ko’rgan Gaziantep shahrida yashaydi. Bu shahar aholisining choragiga teng.

Qochqinlarga yomon ko’z bilan qarash oldin ham bor edi, ammo tabiiy ofatdan so’ng ziddiyatlar kuchaydi. Qochqinlar qiyin ahvolda qoldi.

Ba’zilari ofat zonalarini tark etishga majbur bo’lmoqda.

Asli idliblik Muhammad Beko Turkiyaga 2013-yilda oilasi bilan ko’chgan edi. Zilzilagacha ular Hatayda yashagan.

“Uyimiz butkul vayron bo’ldi. Otam va ammam vayronalar ostida qoldi. Ularni chiqarishga harakat qildik. Ammamni qutqara olmadik, otam tirik qoldi”, - deydi u.

Muhammadning oilasi Mersinga ko’chdi.

“Asosiy zilzilalardan so’ng ham yer qimirlashda davom etdi. Uch kun palatkada yashadik. Juda sovuq edi, bolalarimga qiyin bo’ldi”, - deydi suriyalik.

Zilzila Suriyaning o’zini ham ayamadi. Ayniqsa shimoli-g’arbdagi hududlar qattiq zarar ko’rgan. BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish bugun xalqaro hamjamiyatga murojaat qilib, Suriyada jabr ko’rganlarga yordam uchun 397 million dollar kerakligini aytdi.

“Bu pul uch oyga yetadi. 5 millionga yaqin suriyalik undan bahramand bo’ladi. Boshpana, ko’rpa-to’shak, dori, oziq-ovqat kerak”, - dedi u.

15-fevral kuni Saudiya Arabistoni, Qozog’iston, Birlashgan Arab Amirliklaridan Suriyaga gumanitar yordam ortilgan samolyotlar uchib bordi.

Zilzila 5700 dan ortiq suriyalikni nobud qildi. Turkiyada esa o’lganlar soni 37 mingdan oshdi.

Qutqaruvchilar inson irodasining chegarasi cheksizligini ko’rib hayratga tushmoqda.

Chorshanba kuni, zilziladan 9 kun o’tib, Qahramonmarash shahrida vayronalar ostidan 42 yashar bir ayol tirik chiqarildi.

Seshanba kuni esa Adiyamanda 77 yoshli yana bir ayol qutqarildi.

BMT idoralariga ko’ra, diqqat hozir qutqaruv ishlaridan omon qolgan odamlar ehtiyojlarini qoplashda yodam berishga qaratilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG