AQShda jurnalistlar faoliyatini Konstitutsiyaga kiritilgan so’z va matbuot erkinligini ta’minlovchi birinchi tuzatish himoya qiladi. Bundan tashqari, 40 ta shtatda muxbirlarga o’z manbalarini oshkor etmaslik huquqlari ham qo’shimcha qonunlar orqali kafolatlangan.
Demokratik jamiyatda axborotning erkin oqimini ta’minlash uchun jurnalistning yashirin manbalar bilan aloqasi himoyalanadi, biroq ba’zilar nazarida, muxbirlarni ham sudga chaqirish, kerak bo’lsa, uy va ishxonasini tintuv qilish kerak.
AQSh Konstitutsiyasidagi birinchi tuzatishga ko’ra, Kongress so’z, matbuot va uyushish erkinligini cheklovchi qonunlar qabul qilishga haqqi yo’q.
Muxbirning o’z manbalarini himoya qilish huquqi Konstitutsiyada tilga olinmagan. O’tmishda ko’p jurnalistlar sudga chaqirilgan, ba’zilari hatto sud hukmini bajarmagani uchun qamoqda ham o’tirgan.
“Nyu-York Tayms” gazetasining sobiq muxbiri Judit Miller 2005-yilda milliy xavfsizlikka oid ma’lumotning oshkor etilishiga aloqador bir ish bo’yicha sudda guvohlik berishdan bosh tortib, 85 kunga qamalgan edi. Gazetaning yana bir sobiq muxbiri Jeyms Rayzen razvedka faoliyati haqida unga ma’lumot bergan manbani oshkor etmaslik uchun Jorj Bush va Barak Obama ma’muriyatlari bilan yetti yil sudlashgan.
Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasi xodimi Aleksandra Ellerbekning aytishicha, muxbirlarga tegishli mulkni tintib, musodara qilish Amerikada matbuot erkinligini himoya qiluvchi mexanizmlarga ziddir.
“Muxbirlarda o’z manbalarini saqlash, qamalishdan qo’rqmay axborot to’plash imkoni bo’lishi kerak”, - deydi u.
1980-yilda qabul qilingan “Maxfiylikni himoya qilish haqidagi federal qonun” matbuot uchun qo’shimcha himoya mexanizmlarini yaratgan, davlatning muharririyatdan materiallarni musodara qilish harakatlarini cheklagan.
Boshqa mamlakatlardan farqli o’laroq, AQShda jurnalist bo’lib ishlash uchun davlatdan akkreditatsiya olish shart emas. Birinchi tuzatish bo’yicha ko’plab mutaxassislarning aytishicha, qonun internetdagi blogerlar va onlayn muxbirlarni ham o’z himoyasiga oladi.
So’z erkinligi himoyachilariga ko’ra, jurnalistlarni himoya qilish bobida AQSh dunyoda birinchi o’rinda turadi. Biroq ba’zilar nazarida, jurnalistlar hukumatning tergov qilish vakolatlari oldida ojiz, chunki milliy xavfsizlik masalalariga kelganda sudlar birinchi tuzatishdan qalqon sifatida foydalanishga shoshilmaydi.
Matbuot erkinligini targ’ib qilluvchi “Chegara bilmas muxbirlar” tashkilotining matbuot erkinligi jadvalida Qo’shma Shtatlar 48-o’rinda turadi. Guruhga ko’ra, nafaqat ba’zi rasmiylar, balki Prezident Donald Tramp ham matbuot organlari va muxbirlarga hujumlar qilib turadi, “Josuslik haqidagi qonun” davlat idoralarida ishlab, ma’lumotlarni jurnalistlarga zimdan uzatayotgan xodimlarni jazolashni ko’zda tutadi, chegara punktlarida muxbirlarga tegishli fayllar tekshiriladi.
Jurnalistlarga himoya imtiyozlari berilishiga qarshilar nazarida, Konstitutsiya mualliflari jamiyatda fuqarolarning himoyalangan sinfini yaratishni ko’zda tutmagan. Biroq boshqalar fikricha, jurnalistlar va manbalarini himoya qilish jamiyat manfaatlariga xizmat qiladi.
Facebook Forum