AQShda prezidentlikka da’vo qilayotgan respublikachi nomzodlar chorshanba kuni ilk teledebatda qatnashdi. So’rovlarda barchasidan ancha oldinda bo’lgan Tramp raqib partiyadoshlari bilan bellashishni o’ziga ep ko’rmadi va buning o’rniga taniqli jurnalist Taker Karlsonning ko’rsatuvida ishtirok etdi.
Miluoki shtatida o’tgan teledebatda sakkiz nafar nomzod tashqi siyosat xususida fikrlarini bildirdi.
Florida shtatining gubernatori Ron Desantis prezidentlikka saylansa, Meksikada fentanil ishlab chiqarilayotgan laboratoriyalar va qoradori bilan shug’ullanuvchi kartellarni yo’q qilish uchun AQSh maxsus kuchlarini safarbar etishni buyurishini aytdi.
Nomzodlar AQShning Ukrainaga yordami haqida ham munozara qildi. Tadbirkor Vivek Ramasvami Oq uyga kirsa, ushbu yordamga chek qo’yishini ma’lum qildi.
"Birovning yurtiga bosqindan himoya qilishga zo’r beryapmizu, ammo o’zimizning janubiy chegaramizdagi bosqinning oldini olish uchun mana shu harbiy resurslarni safarbar etmayapmiz. Naqadar ayanchli”, - dedi nomzod.
AQShning BMTdagi sobiq elchisi Nikki Xeyli Ramasvanini tashqi siyosatda tajribasi yo’qligida aybladi.
Poygada sobiq vitse-prezident Mayk Pens ham qatnashmoqda. “Amerika Ovozi” bilan suhbatda u Ukrainaga borganini, rus armiyasining tinch aholiga qarshi zug’umini o’z ko’zlari bilan ko’rganini aytdi.
“Agar Putinga Ukrainani zabt etishiga imkon bersak, tez orada u Yevropaga ham o’tib, Rossiya bilan jang qilishimizga to’g’ri kelardi. Shuning uchun Amerika Ukraina armiyasiga yordam berishda davom etishi kerak”, - dedi Pens.
Nyu-Jersi shtati sobiq gubernatori Kris Kristi ham yaqinda Ukrainaga borgan nomzodlardan bo’lib, u ham Kiyevga madadni to’xtatmaslikka chaqirdi.
Prezidentlikka nomzodlar orasida yaqqol peshqadam Donald Tramp esa Prezident Jo Baydenni Yevropaga qo’shin yuborib, Ukrainadagi mojaroni kuchaytirayotganlikda aybladi, urushni darhol to’xtatishga qodir ekanini aytdi.
Uning bu pozitsiyasi, vashingtonlik tahlilchi Brayan Katulis nazarida, Respublikachilar partiyasini bo’lib qo’ymoqda.
"Tashqi siyosatga kelganda Respublikachilar partiyasida kuchli bo’linish kuzatilmoqda. Donald Trampning Oq uydagi to’rt yillik faoliyati natijasida ko’plab turli fraksiyalar yuzaga keldi”, - deydi Yaqin Sharq instituti tahlilchisi.
Respublikachi nomzodlarning keyingi teledebati 27-sentabrga belgilangan. Kaliforniyada bo’ladigan ushbu tadbirda kamroq nomzod qatnashishi kutilmoqda.