Eslatma: Quyidagi maqola Amerika siyosatini aks ettiradi
Amerika Qo'shma Shtatlari Toshkent viloyatida Gulnoza Yo'ldosheva ismli fuqaro ikki yillik qamoq jazosiga hukm qilinganini xavotir bilan kuzatib, Islom Karimov va uning ma'muriyatini adolatni ta'minlashga chaqirmoqda.
Toshkentdagi elchixonaga uzatilgan ma'lumotlarga ko'ra, Yo'ldosheva ichki ishlar bo'limiga aslida odam savdosi bo'yicha shikoyat bilan borgan. Bu jinoyatda u rasmiy doiralarning ham qo'li bor deya da'vo qilgan. Uning shikoyatini eshitib tekshirish o'rniga organlar uning o'zini hibsga olgan.
Bundan ko'rinib turibdiki, deya talqin qiladi AQSh hukumati, rasmiy idoralar korrupsiya va boshqa turdagi jinoyatlarni yopishga urinmoqda.
Yo'ldosheva Chinoz shahar ichki ishlar boshqarmasining yuqori lavozimdagi rasmiylari va mahalliy mutasaddilar qo'shni davlatlarga odamlarni qul sifatida sotuvchi jinoiy tizimdan katta daromad oladi deb da'vo qilgan.
Ayolning aytishicha, 2011-yilning boshida uning ikki akasi va yana ikki erkak Qozog'istonga ish va katta maosh va'dasi bilan yuborilgan. Ammo manzilga yetgach ularning pasportlari olib qo'yilgan va kuniga 15 soat majburan ishlatilgan. Maosh to'lanmagan, kuniga bir burda non berishgan xolos. Oradan bir necha oy o'tib, bir amallab ular vatanga qaytgan.
Yo'ldosheva mahalliy organlarga shikoyat qilgan. Natija bo'lmagach, o'zi mustaqil ravishda surishtira boshlagan. 2012-yilning aprelida hibsga olingan.
Amerika rasmiylari to'plagan ma'lumotlar shundan darak beradiki, Yo'ldosheva yopiq eshiklar ortida sudlangan. Bu ishga tashqaridan hech kim qo'yilmagan, hatto guvohlar va huquq himoyachilari ham. Ayblanuvchining advokati butun ish soxta deydi.
Vashington O'zbekiston hukumatiga murojaat qilib, bu ishni boshdan oyoq ko'rib chiqishni va inson huquqlari va adolat ta'minlanishini so'ramoqda. Tergov va sud xalqaro me'yorlarga asoslangan holda olib borilishi kerak.
Shuningdek, hukumat odam savdosidek qabih jinoyatlarni izchil tekshirishi va unda qo'li bor mutasaddilarni javobgarlikka tortishi lozim.
Demokratiya asoslaridan biri shuki, jabrlanuvchi huquq-tartibot organlariga bemalol murojaat qila olishi va uning shikoyati ko'rib chiqilishi shart. Adolat izlagan shaxs buning uchun jazolanmasligi kerak.
Amerika O'zbekistonga: Korrupsiyadan noligan ayolni qamoqqa tashlash adolatdan emas
- Amerika Ovozi