Qo'shma Shtatlarda o'tgan yillar ichida musulmonlar, yahudiylar, qora tanlilar va latinolarga qarshi jinoyatlar ko'paygan. Lekin tub aholi ham aziyat chekayotgani kam tilga olinadi.
Turli qabilalar azaldan adolatsizlik qurbonidir. Ularga qarshi jinoyatlar ayrim hollarda umuman tergov qilinmaydi.
Janubiy Dakota shtatida advokat Charlz Aburezk deydiki, tub aholi alohida yerlarda yashagani va o'z politsiyasi va organlariga ega bo'lgani uchun ular jamoatchilikdan ajralib qolgan. Qabilaviy hayot haqida tashqaridagilar deyarli bilmaydi.
Federal hukumat va shtatlar ma'muriyati ularning ishlariga kam aralashadi. Qabilaviy hududlardagi vaziyat murakkab ekani tan olinadi, lekin ularning yechimi ham shu qabilalarning o'zida degan qarash mavjud. Aburezk fikricha, tub aholi Amerika jamiyatining ajralmas qismi ekan, ularning muammolari keng muhokama qilinishi zarur.
Masalan, deydi u, qabila vakillari o'z hududlaridan tashqariga chiqqanida kamsitiladi. Ularning timsollari va an'analari ochiqchasiga mazax qilinadi, ba'zida hatto siyosatchilar tomonidan, deydi Aburezk.
Qabilalarning o'smirlari orasida o'zini o'ldirish hollari keng tarqalgan. Yoshlar o'z kelajagini tasavvur qila olmaydi. Qabiladan ketsa, o'zini eplab ketishiga ishonmaydi. Ketmasa, imkoniyatlar juda cheklangan. Tub aholi yashaydigan hududlar narkomaniya va ichkilikbozlik iskanjasida.
2015-yilda 4200 jinoyat aynan etnik nafratga asoslangan. Uarning 3,5 foizga yaqini tub aholiga nisbatan sodir etilgan. Federal Qidiruv Byurosiga ko'ra, qabilalar Amerika aholisining deyarli 1 foizini tashkil etadi. Shunday ekan, jinoiy ko'rsatkichlarga jiddiy e'tibor bermay iloj yo'q.
Bu borada izlangan olima Barbara Perri tahlilicha, aksariyat hollarda qabilalarda odamlar politsiyaga murojaat qilmaydi. 10 foiz hollardagina ular najot so'raydi, deydi mutaxassis, o'z tadqiqotiga tayanib.
“Qay qabila vakili bo'lmasin, ularning adolatga ishonchi past", - deydi Perri. "Oq tanlilarni baribir jazolashmaydi deb o'ylashadi".
AQSh qonunlariga binoan kimdir sizni etnik kelib chiqishingiz, irqingiz, diningiz yoki jinsingiz uchun nishonga olsa, huquqingizni buzsa, bu "nafratga asoslangan jinoyat" hisoblanadi.
O'tgan yillarda Nyu-Meksiko va Arizona shtatlarida Navaxo qabilasi a'zolari oq irqchilar tomonidan azoblanib o'ldirilgani jamoatchilik orasida shov-shuv uyg'otgan edi. Lekin ommaviy axborot vositalari bu mavzularni keng yortimaydi.
Bu yilning o'zida tub aholi vakillariga nisbatan 900 jinoiy holat qayd etilgan. Lekin bu ochiq e'lon qilingan voqealar, deydi huquqshunoslar, ommaga noma'lum hodisalar talay.
Facebook Forum