Breaking News

Turkiya saylov kampaniyasida sun’iy idrokning roli


Turkiyada mart oyida bo’ladigan saylovlarda Prezident Rajab Toyib Erdog’anning siyosiy maslakdoshlari g’alaba qozonib, oxirgi saylovda muxolifatga boy berilgan Istanbul shahri boshqaruvini qayta qo’lga olmoqchi.

Xalqaro hayot - 29-fevral, 2024-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:05 0:00

Muxolifat hukmron partiyani sun’iy idrok yordamida saylov kampaniyasi uchun soxta videolar tayyorlayotganlikda ayblamoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan shunday videolarning birida Istanbul hokimi Ekrem Imomo’g’li Erdog’anni yutuqlari uchun maqtayotgani tasvirlangan.

Ijtimoiy so’rovlar natijalari nomzodlar imkoniyatlarini deyarli teng ko’rsatmoqda. Mustaqil matbuot soxta xabarlar haqida ogohlantirar ekan, davlat nazoratidagi ommaviy axborot vositalari videolarning haqiqiyligini tekshirmayotgani aytiladi.

“Dipfeyk videolarni tayyorlab, reklama sifatida namoyish etish mumkin. Dipfeyk videolarni odatda axborot saytlarida chop etishmaydi. Ammo reklama sifatida millionlab odam ularni ko’rishi mumkin. Turkiyada 40 million saylovchi bor. Odamlardan “Ekrem Imomo’g’li aslida shunday dedimi” deb so’rasangiz, “ha” deb javob berishadi, chunki axborotni asosiy matbuot organlaridan olishadi”, - deydi Istanbuldagi “Bianet” axborot agentligi jurnalisti Hikmat Adal.

O’tgan yilgi prezident saylovi paytida Erdog’an raqibi Kamol Qilichdoro’g’lining Turkiyada terrorchi tashkilot deb tan olingan Kurdiston ishchilar partiyasining rahbarlari bilan tasvirlangan soxta videodan foydalangan.

Inson huquqlari guruhlarining ogohlantirishicha, Turkiyada mustaqil matbuot yana bir tahdid bilan yuzlashmoqda.

“Dezinformatsiya uchun jinoiy tergovlar va ta’qiblar ko’paymoqda”, - deydi So’z erkinligi uyushmasidan Yaman Akdeniz.

Mahalliy matbuot organlari dezinformatsiya haqidagi qonun asosida sudga jalb etilayotgan bir paytda xalqaro axborot manbalari soxta xabarlarni fosh etishda muhim hisoblanadi.

Turkiyada Germaniyaning “Doyche Velle” va AQShning “Amerika Ovozi” vebsaytlarining turkcha sahifalariga blok qo’yilgan. Ularga faqat VPN orqali kirish mumkin, xolos.

“Internetga kirishni cheklash rejimlar va avtoritar hukumatlar uchun odatiy hol bo’lib qolgan. Dunyo bo’ylab VPNdan foydalanish ommaviylashmoqda. Ayniqsa Turkiyaga o’xshash mamlakatlarda”, - deydi “Proton” VPN provayderida ishlovchi Antonio Sezarano.

Turkiyada endi ayrim ommaviy VPNlardan foydalanish ham cheklanmoqda. Sezarano buni “sichqon-mushuk” o’yini deb ataydi. Provayderlar taqiqlarga qarshi turish uchun texnologiyalarga sarmoyani oshirmoqda.

Mustaqil matbuot soxta xabarlarga qarshi kurashda yengilayotgani haqida ogohlantiradi.

“Muqobil axborot manbai sifatida bu urushda ojizmiz. Jamoalarimiz 15-20 kishidan oshmaydi. Qarshi tarafda turganlarning esa sanog’i yo’q”, - deydi Hikmat Adal.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG