Breaking News

Qirg'iziston-Rossiya harbiy hamkorlikni kuchaytirmoqda


O’tgan yilda Qirg’iziston va Rossiya harbiy-texnik hamkorligi yanada mustahkamlandi. Bishkek va Moskva hozir Qirg’zisitonda birlashgan rus harbiy bazasi borasida bitim imzolagan.

Rossiya-Qirg'iziston harbiy hamkorligi/Ulug'bek Sokin
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:47 0:00
Yuklab oling

O’tgan yil qirg’iz-rus iqtisodiy va harbiy aloqalarida faol siljish qayd qilingan. Rossiya Qirg’izistonda qator yirik elektr stansiyalar qurilishiga ulkan hissa qo’shishga qaror qildi. Ayni paytda Qirg’izistondagi Rossiya harbiy obyektlari maqomi tasdiqlangan.

Mutaxassislarga ko’ra, joriy yil harbiy sohada Rossiya-Qirg’iziston hamkorligi yanada rivoj topadi.

O’shdan xavfsizlik masalalari bo’yicha ekspert, nodavlat tahlil markazi rahbari Imomberdi Jalilov aytishicha, yirik davlat bo’lmish Rossiyaning Markaziy Osiyoda o’z geostrategik manfaatlari bor.

“Mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash borasida ham keyingi yillarda Rossiya samarali harakatlar yuritmoqda. Qirg’iziston va Rossiyaning harbiy-texnik hamkorligiga kelsak, Moskva azaldan xavfsizlikni ta’minlashda bizning asosiy ittifoqchimizdir. Rus harbiy o’quv yurtlarida bizning yoshlar ta’lim olmoqda. Rus poligonlarida harbiylarimiz o’z malakalarini oshirib keladi. Qisqasi, ushbu hamkorlik har ikki tomon uchun foydali”, - deydi Jalilov.

Yaqinda Rossiya va Qirg’iziston matbuotida Moskva qirg’iz qurolli kuchlarini modernizasiyalash uchun 1 milliyardan ziyod dollar miqdorida ko’mak ajratishi haqida xabarlar paydo bo’lgan.

Bishkekdan harbiy tahlilchi polkovnik Leonid Bondarets aytishicha, gap qurol-aslaha yetkazib berish haqida ketishi mumkin.

“Agar masala shunday qo’yilsa, menimcha, bu Qirg’iziston manfaatlariga javob beradi. Bu holda bizning mutaxassislar Qirg’izistonga mamlakat xavfsizligini ta’minlash uchun qanday qurol-yarog' turlari va texnik anjomlar kerakligini aniqlashlari darkor. Ayni paytda mamlakat xarbiy doktrinasi qayta-qayta ko’rib chiqilmoqda va ushbu hujjatning yakuniy ko’rinishi qanday bo’lishi ma’lum emas. Menimcha, bu sohada o’lkaga aniq-ravshan, chuqur asoslangan dastur lozim”, - deydi Bondarets.

Suhbatdosh fikricha, Qirg’iziston uchun Rossiya bilan harbiy hamkorlik sohasida ikki ustivor yo’nalish mavjud.

“Birinchi navbatda bu Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti doirasida hamkorlikni takomillashtirish. Va ikkinchi tarafdan, agar rejalar amalga oshsa, Qirg’iziston qurolli kuchlarini qayta jihozlash. Aytish joizki, Qirg’iziston armiyasi sho’rolar davridagi qurol-aslaha bilan ta’minlangan”, - deydi iste’fodagi polkovnik.

Moskva va Bishkekning harbiy sohada hamkorlik borasida rejalari mintaqada qurol-yaroq poygasiga turtki berishi mumkinmi?

Bu sohani uzoq yillardan beri o’rganib kelayotgan Imomberdi Jalilov yo’q deb javob beradi.

“O’rta Osiyoni yaxshi bilgan ekspertlar bunday fikrlardan uzoq. Chunki mintaqada qardosh xalqlar yashaydi. Tariximiz, madaniyatimiz, dinimiz bir. Albatta Farg’ona vodiysida kambag’allik, ishsizlik, narkotraffik kabi ijtimoiy muammolar mavjud. Va biz ularni nazardan qochirmasligimiz kerak. Ammo biz O’rta Osiyo respublikalari asl qadriyatlarga asoslanib harakat qilsak, ijobiy natijlar bo’lishi tayin”, - deydi Imomberdi Jalilov.

Bishkekddan harbiy tahlilchi polkovnik Leonid Bondarets deydiki, Qirg’iziston uchun hozir asosiy maqsad - o’z armiyasini yangiroq qurol-yarog’ bilan ta’minlash.

“Bu esa mamlakat xavfsizligini ta’minlash demakdir. Va hech qanday militarizatsiya haqida so’z bo’lishi mumkin emas. Chunki askarlar soni ko’paymaydi, horijiy harbiy kuchlar kiritilmaydi. Qolaversa, qirg’iz qurolli kuchlari faqat mamlakatni himoya qilish uchun tuzilgan”, - deydi u.

Aytish joizki, Qirg’iziston qurolli kuchlari azaldan sovet va keyinchalik rus harbiy texnikasi bilan jihozlangan. Harbiy mutaxassislarning aksariyati rus o’quv yurtlarida bilim olayotir. Ikki o’lkani tig’iz ittifoqdoshlik rishtalari bog’laydi.

Shuningdek, mustaqillik yillarida mahalliy harbiylar AQSh, Xitoy va Turkiya bilan ham hamkorlikni yo’lga qo’ygan.
XS
SM
MD
LG