Kuzatuvchilarga ko’ra, vakolati tugab borayotgan Qirg’iziston prezidenti Almazbek Atambayevning Rossiya Federasiyasiga oliy maqomli safari so’ngi olti yil mobaynida tomonlar munosabatlarida erishilgan natijalar sarhisobi bo’ldi.
Bu galgi muzokaralar paytida ikki mamlakat o’rtasida ittifoqdoshlik va strategik hamkorlikni kuchaytirish borasida deklaratsiya imzolandi. Moskva Qirg’iziston gardanida qolayotgan oxirgi qarzlardan kechdi.
Qirg’iziston - Rossiya aloqalarida qanday siljishlar bo’ldi? Moskva va Bishkek munosabatlari Markaziy Osiyo mintaqasi uchun qanday ahamiyat kasb etadi?
Taniqli qalamkash va tahlilchi Jalil Safarov nazarida, Rossiya tarafi Qambarota-1 suv-elektr stansiyasini barpo etish xususidagi bitimdan voz kechgani hisobga olinmasa, tomonlar aloqalari samarali davom etmoqda. Rossiya iqtisod, moliya, xavfsizlik sohasida Bishkekka katta yordam ko’rsatib kelmoqda.
“Aytaylik, Qirg’izistonning Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqiga kirishi, ayniqsa, Rossiyada ishlayotgan mehnat muhojirlarimizga katta imtiyozlar berdi. Yana bir misol - Qirg’iz-Rus barqarorlashtirish jamg’armasi mahalliy ishbilarmonlarga sarmoyalar bermoqda, oqibatda yangi ish o’rinlari tuzilyapti, zamonaviy texnologiyalar keltirish imkoni tug’ilyapti”, - deydi Saparov.
Suhbatdosh fikricha, Moskva va Bishkek aloqalarining rivoj topishi mintaqa mamlakatlari hamkorligini taraqqiy ettirish, Markaziy Osiyoda o’zaro ishonch, tinchlik va barqarorlikni ta’minlash yo’lida muhim ahamiyat kasb etadi.
Qirg’iziston parlamenti deputati Anvar Ortiqovning aytishicha, Moskvaning qarzlaridan voz kechishi yaqin ittifoqchilik munosabatlarini yana bir bor tasdiqladi.
Suhbatdosh ta’biricha, Rossiya mintaqaga faqat yaxshilik, barqarorlik keltiradi. Uningcha, aynan shu sabab Markaziy Osiyo o’lkalari Moskva tomon umid ko’zi bilan qaraydi.
“O’rtada azaliy aloqalar mavjud. Sovet Ittifoqi davrida “bir oilada” yashagan davlatlar tashqariga chiqqanda ular bilan ko’p narsamiz o’xshash emasligini, bizlarga munosabat ham boshqacharoq ekanini ko’rdi. Avvaldan shakllangan rishtalarni qadrlashimiz - tabiiy ko’rinish”, - deydi parlament deputati.
O’shlik jamoat arbobi Bo’riboy Jo’rayev fikricha, Qirg’izistonning Rossiya yetakchiligidagi uyushmalarda qatnashishi dono qadam.
“Albatta, bugun Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqiga kirib, ertaga foyda ko’rishni kutish - xom xayol. Buning uchun vaqt va amaliy ishlar kerak. Birinchi galda - ishlab chiqarilayotgan mahsulot raqobatbardor bo’lishi lozim. Biz endi katta yo’lga chiqayapmiz”, - deydi arbob.
Bo’riboy Jo’rayev keyingi paytlarda mintaqa mamlakatlari o’rtasida kuzatilayotgan o’zaro intilishni olqishlaydi.
“Vaqti kelib, avvalgi kooperatsiya, tig’iz iqtisodiy aloqalar tiklanishidan dalolat bu”, - deydi suhbatdosh.
Unga ko'ra, bo’lgusi mintaqaviy integratsiya jarayonida har bir o’lka to’plagan tajriba foyda keltirishi aniq.
Facebook Forum