Rossiya muxolifati yetakchisi Boris Nemtsov, amaldagi siyosatning ashaddiy tanqidchisi, bugun Moskvada otib o'ldirilgan.
Oppozitsiya qotillik hukumatning ishi deydi, hukumat esa tekshiruv avjida, hech kim hech kimni ayblamasin deya ogohlantirmoqda.
Nemtsov boshchiligida kelayotgan yakshanba kuni poytaxtda hukumatga qarshi keng ko'lamli namoyish rejalangan edi.
55 yoshida Nemtsov kuchli oppozitsioner, liberal siyosiy arbob, Prezident Vladimir Putinga qarshi dangal gapira oladigan lider sifatida nom qozongan edi.
Putin o'z ma'muriyatiga bu jinoyatni izchil tekshirishni buyurgan. Prezident nazarida bu "buyurtma qotillik" bo'lishi mumkin. Kreml rahbari voqeani provokatsiyaga o'xshatgan.
Tergovchilar marhumning uyini tintuv qilib, u ishlatgan kompyuter va boshqa asboblarni olib ketgan.
Rossiya Tergov qo'mitasi berayotgan ma'lumotlarga ko'ra, mashinadan pistoletda yetti bor o'q uzilgan, ulardan to'rttasi nishonga tekkan.
Voqea Moskvaning mashhur ko'priklardan birida sodir bo'lgan. Bu ko'prik Kremlga olib boradi.
Nemtsov, sobiq bosh vazir o'rinbosari, korrupsiya va yulg'ichlikka qarshi ochiq gapirgani, qora ishlarni fosh etishga undagani uchun kuchli bosim ostida edi.
Prezident Putin Nemtsovni yoqtirmasligini yashirmagan, ammo bir yilcha oldin muxolifat fitna bilan chiqishi, orasidan kimnidir o'ldirtirib, keyin Kremlni ayblashi mumkin deya shov-shuv ko'targan edi.
Nemtsovning safdoshi Garri Kasparovning "Twitter" da yozishicha, Nemtsovni yo'q qilishdan faqat bir tomon manfaatfor edi, bu ham bo'lsa, Putin ma'muriyati.
Yana bir taniqli muxolifatchi Mixail Kasyanov "shokdaman" deydi. "21-asrda oppozitsiya yetakchisi Kreml tashqarisida ochiqchasiga o'ldirilgani dahshat",- deydi u. Kasyanov nazarida, bu - mamlakat jar yoqasiga ketayotganidan dalolat.
Nemtsov 1959-yilda Sochida dunyoga kelgan. Oliy ta'limni Nijniy Novgorodda olgan. Marhumning to'rt farzandi bor.
1990-yillar boshida Nemtsov Nijniy Novgorod oblasti gubernatori bo'lgan. Boris Yeltsin prezidentligining so'nggi yillarida, ya'ni 1990-yillar oxirida bosh vazir muovini lavozimida ishlagan. Shuningdek, energetika vaziri va Xavfsizlik kengashi a'zosi bo'lgan, qolaversa deputatlik ham qilgan. Boris Yeltsin o'zidan keyin rahbarlikka uni tanlashi mumkin degan taxminlar bor edi. Biroq Yeltsin Putinni qoldirdi.
Amerika rahbari Barak Obama Rossiya hukumatini tergovni xolis, oshkora va o'z vaqtida olib borishga chaqirmoqda. Obama Nemtsovni o'z xalqining huquqlari uchun kurashgan fidoyi inson deb biladi.
AQSh Davlat kotibi Jon Kerri ham shunday fikrda. Nemtsov umrini vatani va yurtdoshlari manfaatlarini himoya qilishga bag'ishlagan inson edi, deydi u, marhumning oilasiga hamdardlik bildirar ekan. "Biz ham motamdamiz", deydi Kerri.
Ukraina Prezidenti Petro Poroshenko qotillikni qoralab, Nemtsov ukrain xalqining yaqin do'sti edi, Rossiya va Ukraina orasidagi ko'prik edi, deya yozadi o'zining "Facebook" sahifasida.
Nemtsovning advokati Vadim Proxorov deydiki, ijtimoiy tarmoqlar va boshqa yo'llar bilan tahdidlar tinmay kelgan, bu haqda tegishli organlarga xabar berilgan, lekin ular hech qanday chora ko'rmagan.
Nemtsov Duma, qonunchilik organini 2003-yilda tark etib, muxolifatga kirgan. Bir necha partiyalarni boshqargan. Hozirda Xalq ozodlik partiyasi lideri edi.
AQShning Rossiyadagi sobiq elchisi Maykl Makfol "Amerika Ovozi" bilan suhbatda deydiki, Nemtsovning o'ldirilishi Rossiya uchun ulkan talafot. Bu yurt kuchli, farovon va demokratik jamiyatga aylanishi uchun uningdek insonlar xizmati juda zarur edi, deydi Makfol. Nemtsov Amerika bilan yaqin bo'lgani uchun vatanida millatchi kuchlar tomonidan sotqin va josus deya tamg'alangan. Vaholanki, deydi Makfol, bu shaxs Rossiyaning asl o'g'loni, mag'rur vakili edi. Faqat yurti uchun harakat qildi, deydi amerikalik arbob.
Nemtsovning yana bir safdoshi Denis Yudinning ta'kidlashicha, vatanida jinoyatchilar boshqaruvidagi tuzum hukmron ekani hech kimga sir emas, gap kim buni ochiq oydin tan ola bilishida va o'zgarishga unday olishida.
Nemtsov Putinning Ukrainaga nisbatan siyosatini "ahmoqlik, agressiv va fojiali siyosat" deb qoralab kelayotgan edi.
"Mamlakatimiz islohotlarga muhtoj",- der edi u. "Hozir qudrat bir kishining qo'lida va bu inson xalq manfaatini o'ylayotgani yo'q. Ko'zingizni oching, aks holda Rossiya tamom bo'ladi",- degan edi Moskvada o'tgan namoyishlarda.
"Amerika Ovozi" ga bergan intervyularida Nemtsov Vashingtonni o'z siyosatini dadilroq tushuntirishga, maqsad Rossiya xalqi ko'ngliga yo'l topish bo'lsa, bevosita uni quvvatlashga undar edi. Sentabr oyidagi suhbatida u Putin Ukrainani adabini beraman deb qaror qilgan va bu yo'ldan qaytishi qiyin, chunki Kiyevda rossiyaparast prezidentning ag'darilganini u o'ziga nisbatan tahdid deb hisoblaydi, degan edi.
Ertaga Moskvada rejalangan namoyishlar yanada keng tus olishi kutilmoqda.
Boris Nemtsovning 2014-yilda "Amerika Ovozi" Rus xizmatiga bergan intervyusi: