Breaking News

Moskvada Boris Nemtsov xotirasiga yirik namoyish


Moskvada otib ketilgan oppozitsiya yetakchisi Boris Nemtsovni xotirlab, minglab odam namoyishga chiqdi.

Ko'pchilikning qo'lida "Qahramonlar o'lmaydi", "Bu - bizga qarata otilgan o'q", "U Rossiya kelajagi uchun jon berdi", "Men qo'rqmayman" degan plakatlar, Rossiya va Ukraina bayroqlari.

Rasmiylar xotira marshiga ruxsat bergan. Tashkilotchilar 70 ming odam qatnashayotganini aytsa, Moksva politsiyasi ma'lumotiga ko'ra taxminan 16 ming kishi ko'chaga chiqqan.

Aslida bugun poytaxtda Boris Nemtsov boshchiligida hukumatga qarshi keng ko'lamli namoyish rejalangan edi. Kechki payt, Moskvadagi mashhur ko'priklardan birida mashina ichidan unga qarata to'rt marta o'q uzilgan. Tergov-qidiruv ishlari avjida. Nemtsov bilan ketayotgan ayolga ziyon yetmagan.

Prezident Vladimir Putin voqeani buyurtma qotillikka o'xshatib, bu provokatsiya bo'lishi mumkin, deydi. Kreml tergovni o'z nazoratiga olgan. Rossiya rahbari Nemtsovning onasi Dina Eidmanga maktub yo'llab, ta'ziya bildirgan.

55 yoshli oppozitsioner bundan bir necha hafta ilgari "Sobesednik" axborot xizmati bilan suhbatda Ukrainada urush qo'zg'atganlikda Putinni ayblagan, "u meni baribir o'ldirtiradi" deya ta'kidlagan edi.

Rossiya Tergov qo'mitasining qayd etishicha, bu jinoyat mamlakatdagi siyosiy vaziyatni izdan chiqarishga qaratilgan bo'lishi mumkin. Dunyo rahbarlari qotillikni qoralab, tergovni xolis va oshkora olib borishga chaqirmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG