Breaking News

Sochi olimpiadasi oldidan xavfsizlik choralari kuchaytirilmoqda


Sochi yaqiniga o'rnatilgan olimpiya o'yinlari ramzi, 4-yanvar, 2014-yil.
Sochi yaqiniga o'rnatilgan olimpiya o'yinlari ramzi, 4-yanvar, 2014-yil.
Volgograd shahrida yuz bergan portlashlar uchun mas’uliyatni o’z zimmasiga olgan jangari guruh tasviri aks etgan videolavha Rossiya xavfsizlik kuchlari tomonidan o’rganib chiqilmoqda. Ushbu guruh qishki olimpiada bo’lib o’tadigan Sochida ham terror xurujlarini amalga oshirishga tayyorlanayotganini aytgan.

Jangarilar aks etgan video Dog’istonda o’rnashgan radikal guruh tomonidan 19-yanvar kuni internetga qo’yilgani aytilmoqda. Videoning qachon suratga olingani ma’lum emas.

Tasvirda rus tilida so'zlayotgan ikki erkak Sochi olimpiadasida prezident Putin uchun “sovg’a” tayyorlab qo’yilgani haqida gapiradi. Ular, shuningdek, Volgogradda 34 kishining hayotiga zomin bo’lgan portlashlar ikki xudkush bombachi tomonidan amalga oshirilganini aytadi. Bu da’volarning to’g’riligi rasman tasdiqlanmagan.

Rossiya hukumati Sochi olimpiadasi xavfsizligini ta’minlash choralarini ko’rar ekan, AQSh harbiylari havo va dengiz orqali qo’shimcha ko’mak ko’rsatishga tayyor ekanini bildirgan. Pentagon vakilining aytishicha, agar yordam so’ralsa, Qora dengizdagi AQSh flotiga tegishli ikki kema Sochiga jo’nab ketish uchun tayyor turibdi.

Yana bir ma’lumotga ko’ra, Sochidagi ishchilar qidiruvda bo’lgan dog’istonlik ayolni shaharda ko’rganlari haqida xabar bergan. Rus harbiylari tomonidan o’ldirilgan dog’istonlik jangarining bevasi ekani aytilayotgan bu ayol Sochida terror xurujini amalga oshirishga tayyorlanayotgan bo’lishi mumkin, degan taxminlar bor.

20-yanvar kuni Rossiya xavfsizlik kuchlari Dog’iston poytaxti Maxachkalada uch jangarini otib o’ldirdi. Bir kun avval ham shaharda restoranga hujum qilganlikda ayblangan yetti nafar jangari o’ldirilgan edi.

Prezident Vladimir Putin yaqinda bo’lib o’tadigan olimpiya o’yinlarining tinch o’tishi uchun kerakli barcha choralar ko’rilishini ta’kidlamoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG