Breaking News

Rossiya Pokistondagi yangi gaz quvuriga katta sarmoya kiritmoqda


2015-yil oktabrida Rossiya va Pokiston energetika vazirlari ikki tomonlama shartnoma imzolagan edi
2015-yil oktabrida Rossiya va Pokiston energetika vazirlari ikki tomonlama shartnoma imzolagan edi

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin joriy yilda Pokistonga borishi va yangi gaz quvuri loyihasining ochilish marosimida qatnashishi rejalangan. Rossiya bu loyihaga milliardlab dollar sarmoya kiritmoqda.

Ba’zi manbalarga ko’ra, Putin Pokistonga bir necha oydan so’ng safar qilishi mumkin. Biroq Pokiston matbuoti tashrif mart oyiga belgilanganini bildirmoqda.

Rossiya Karachi shahridan Pokiston shimoligacha yotqizilishi rejalangan gaz quvurining qurilishiga 2,5 milliard dollargacha sarmoya kiritadi. Bu loyiha qiymatining 85 foiziga teng.

Loyihaning Pokistondagi pudratchisi “Inter State Gas Systems” kompaniyasi rahbari Mobin Savlatning aytishicha, mazkur loyiha Rossiya uchun yangi iqtisodiy imkoniyatlarga yo’l ochib beradi. Kelajakda Pokiston Rossiyadan qariyb to’rt million tonna suyuq tabiiy gaz sotib olishi mumkin.

Biznes va tadbirkorlik mavzularini yorituvchi jurnalist Xurram Husayn loyihaning boshqa jihatlari haqida gapiradi.

“Loyihaning tijoriy sabablaridan ko’ra geosiyosiy sabablari kattaroq ekani haqida taxminlar bor”, - deydi u.

AQSh va Xitoy bilan chuqur aloqalarga ega Pokiston mintaqada yangi hamkorlar orttirishga harakat qilmoqda. Rossiya esa Janubiy va Markaziy Osiyodagi ayrim jabhalarda ta’sirini kuchaytirishga intilmoqda.

Qanday bo’lmasin, loyiha Pokiston uchun foydali, deydi Husayn.

“Pokiston infratuzilmasi xorijiy sarmoyalarga o’ta muhtoj. Bu borada ayrim mamlakatlar, xususan, Xitoy hozirligini bildirgan”, - deydi muxbir.

Shu bilan birga, Xurram Husayn hukumatni muzokaralarni yashirincha olib borayotganlikda tanqid qiladi. O’tgan yili Pokiston va Xitoy energetika vazirlari imzolagan shartnomani hali hech kim ko’rmagan, deydi u.

Uzunligi 1100 kilometrga teng gaz quvuri orqali kuniga 1,2 milliard kubometr gaz o’tishi kutilmoqda. Loyiha uch bosqichda, 2019-yilgacha qurib bitkaziladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG