Rossiya azaldan o'z manfaatlari doirasi hisoblagan Markaziy Osiyo keyingi yillarda Xitoy iqtisodiyoti bilan chambarchas bog’lanib borayapti. Nafaqat iqtisodiy, balki siyosiy ma’noda ham hamkorlik kuchayayapti.
Mutaxassislar fikricha, jahondagi yirik kuch Xitoyning, albatta, mintaqa o’lkalari hayotiga ta’siri ortib boradi.
Hozirda mintaqa hayotining barcha jabhalarida Xitoy mollari, texnika va texnologiyasi ustuvor o’rinni egallaydi.
O’sh davlat universiteti professori Arap Anarbayev Xitoy amalga oshirayotgan o’nlab loyihalarni sanab o’tadi. Aytaylik, Qirg’izistonda yo’l qurilishi, tog’-kon sanoati, qurilish materiallari sanoati aynan Xitoy kompaniyalari ko’magida yuksalmoqda. Xitoyliklar qurib bitkazayotgan Kemin-Datka elektr uzatuv liniyasi Qirg’izistonning energetik sohada mustaqilligini ta’minlashi ko’zda tutilgan.
”Menga yoqqani - aloqalar teng huquqlilik asosida, har ikki tomom manfaatlarini nazarda tutgan holda olib borilmoqda”, - deydi suhbatdosh.
Bishkeklik siyosatshunos, Qirg’iziston Tashqi ishlar vazirligining Diplomatiya akademiyasi xodimi Japar Birimqulov:
“Markaziy Osiyo mamlakatlari Xitoyga qulay va kerakli hamkor. Ushbu o’lkalar ulkan qo’shni davlat uchun bir tarafdan yirik xomashyo manbai bo’lsa, ikkinchi tarafdan Xitoy mollarining katta bozori. Qo’shni tomonni ayniqsa Qozog’iston, Turkmaniston, O’zbekistondagi neft-gaz zaxiralari qiziqtiradi. Bu sohada yirik shartnomalar imzolangan. Pekin uzoqni ko’zlaydi”.
“Yana bir tomoni - bizning davlatlar Shimoliy Xitoy, aniqrog’i, Shinjon hududiga ko’z tikkan har xil kuchlar yo’lida o’ziga xos to’siq rolini ham o’ynaydi. Ma’lumki, Markaziy Osiyo respublikalari dunyoviy o’lkalar, barchasi terrorizm, separatizmga qarshi turadi. Qisqasi, ko’p jihatdan tomonlar manfaatlari uyg’un”, - deydi Birimqulov.
Pekinning Markaziy Osiyo yo’nalishidagi siyosatiga kelsak, professor Anarbayev Xitoyning qo’shni davlatlarning ichki va tashqi siyosatiga aralashmaslik prinsipini yuqori baholaydi.
Mintaqa o’lkalari zo’jaligining turli sohalariga kirayotgan ulkan sarmoyalar va bundan ko’zlanayotgan maqsadlarga kelsak, Anarbayev hozir Pekin Rossiya va AQSh kabi buyuk davlatlarga ham yordam berayotganini aytadi. U hamma narsani iqtisod hal qilishini eslatadi. Uningcha, Xitoy Markaziy Osiyo o’lkalarining taraqqiy etishi, mintaqada farovonlik va barqarorlik hukm surishidan manfaatdor.
Darhaqiqat, ayrim davlatlardan farqli o’laroq, Xitoy iqtisodiy masalalarni siyosiy shartlar bilan bog’lamayotir. Lekin siyosatshunos Japar Birimqulov fikricha, vaqti kelib, Pekin mintaqa mamlakatlari, xususan, Qirg’iziston siyosatiga ta’sir qila boshlashi mumkin.
“Markaziy Osiyo o’lkalari ko’proq Rossiya manfaati doirasida ekanini hozirda ko’pchilik tan oladi. To buyuk davlatlar maqsadlari mos kelar ekan, hammasi joyida. Lekin qachonlardir Rossiya va Xitoy mintaqada hamkor emas, raqib bo’lib qolishi ehtimoldan xoli emas”, - deb hisoblaydi Japar Birimqulov.
Mintaqa mamlakatlariga kelsak, ular uchun Xitoy bilan tig’iz hamkorlik har jihatdan muhim. Boshqa davlatlar, aytaylik, Rossiya va AQSh bilan munosabatlarda ham Xitoy bilan yaqinlik, chegaradoshlikdan foydalana bilish lozim, deydi suhbatdoshlar.
Ayni paytda mahalliy kuzatuvchilar Pekinning qo’shni mamlakatlar fuqarolariga nisbatan imtiyozlari bir xil emasligiga e’tibor berishadi. Aytaylik, Rossiya va Qozog’iston fuqarolari uchun Xitoy vakolatxonalarida uzoq muddatli vizalar olish muammo emas.
Qirg’izistonliklar uchun, masalan, turistik ruxsatnomalar uzog’i bilan uch oyni tashkil etar ekan. Mahalliy aholi vakillarining aytishicha, keyingi oylarda qisqa muddatli viza olish ham qiyin bo’lib qolgan.