Xitoy qo'shni davlatlar bilan talash hududlarni, Janubiy Xitoy dengizidagi orollarni o'zlashtirmoqda. AQShning Tinch okeanidagi qo'shinlari qo'mondoni Kongressda shu haqda hisobot berdi.
Xitoyda iqtisodiy o'sish sekinlashgan, lekin armiyasini yangilash uchun mablag'ni ayamaydi.
Xitoyning harbiy modernizatsiya dasturi shiddat bilan davom etmoqda. Admiral Samuel Loklerning aytishicha, so'nggi besh yildan beri mudofaa uchun salmoqli mablag' ajratib kelinadi va bu Xitoyning dengizdagi hatti-harakatlarida namoyon.
Janubiy Xitoy dengizidagi Spratli va Parasel orollarida katta qurilishlar ketyapti, deydi u, yangi inshootlar, uchish-qo'nish yo'laklari, binolar ta'mirlanyapti.
Bu joylar Xitoyning noharbiy patrul kemalari uchun bandargoh vazifasini o'taydi. Kerak bo'lganda, zudlik bilan turli yo'nalishlarga safarbar etish mumkin.
"Ular shu tariqa bahsli territoriyalar ustidan nazorat o'rnatyapti. Qum va tosh bilan to'ldirilib, sun'iy ravishda kengaytirilayotgan maydonlarda keyinchalik radar va raketalar o'rnatish mumkin. Istasa, parvozlarni nazorat qiluvchi bazalar ochish imkoniyati ham bor", - deydi AQSh qo'mondoni.
Orollarga da'vo qiluvchi boshqa davlatlar, jumladan Filippin va Vyetnam shikoyat qilishdan nariga o'tgani yo'q. Sun'iy yo'ldosh orqali olingan tasvirlarda, shuningdek, Vudi va Dankan orollari kengayib borayotgani yaqqol ko'zga tashlanadi. Xitoy Tashqi ishlar vazirligiga ko'ra, bu yerlar ham harbiy, ham noharbiy maqsadlarda qo'llaniladi.
Qo'shma Shtatlar Pekinni dengiz taqsimotiga oid qonun-qoidalarni ishlab chiqib, tortishuvni mintaqaviy uyushmalar doirasida hal qilishga chaqirib keladi. Xitoyning javobi - bizning ishlarga aralashmang.
"Xitoy qo'shnilar orasida ishonchni yemiradigan xatti-harakatlardan o'zini tiyishi kerak. Vaziyatni yumshatishning bir yo'li - dengiz xaritasiga kiritgan chiziqlar nimani anglatishini tushuntirib bersin", - deydi AQSh Mudofaa vaziri muovini Kristin Vormut.
O'tgan hafta Prezident Barak Obama ham Xitoy xalqaro qonun-qoidalarga amal qilishni lozim topmayotgani, mayda davlatlarga mushtini ko'rsatayotganini qayd etgan. Bu diplomatik yo'l bilan hal qilsa bo'ladigan masala, deydi u.
Pekin nazarida Vashington ittifoqchilariga yon bosayapti va mintaqa ishlariga aralashayapti. Uning maqsadi Osiyo-Tinch okeanida o'z nufuzini saqlab qolish, deydi Xitoy rahbarlari.
Tahlilchi Jon Blakslendga ko'ra, AQSh Janubiy Xitoy dengizida kechayotgan bahslarga shunchaki chetdan qarab turolmaydi. Ammo Xitoy katta mablag' va resurslar ajratish orqali hududiy da'volari jiddiy ekanini ko'rsatmoqda.
"Orollarga da'vogar davlatlar o'rtasida mojaro chiqishi ehtimoli yuqori. Xitoy esa savdo yo'llarini, o'z manfaatlarini himoya qilayotganini ta'kidlaydi", - deydi u.
Suhbatdosh fikricha, tarafkashlik hamda radar va raketalarni o'rnatish masalasida Xitoyga qarshi borish qurolli to'qnashuvga yetaklashi mumkin. AQSh qadamini o'ylab bosishi kerak, deydi u.
Umuman olganda, barcha davlatlarining dengizdagi orollarga da'vosi birdek asosli. Xitoy maqsadiga erishish uchun bor kuchini ishga soladi, lekin urushgacha bormaydi, deya tahlil qiladi Blakslend.
Uning fikricha, Janubi-sharqiy Osiyo davlatlari uyushmasi, ASEANga a'zo 10 davlat birgalikda harakat qilishi lozim. Xitoy bu tashkilotga a'zo emas.