Breaking News

Hisobot: Muxolif shaxslarni deportatsiya qilishda Moskva-Toshkent hamkor


Rossiyaning Federal Xavfsizlik Xizmati binosi
Rossiyaning Federal Xavfsizlik Xizmati binosi

"Xalqaro Amnistiya" tashkiloti "Qiynoq sari tez yo'l: Odamlarni Rossiyadan O'zbekistonga o'g'irlab va majburlab qaytarish" deb nomlangan hisobot chiqardi. Unga ko'ra, Rossiya yuzlab odamni O'zbekistonga deportatsiya qilishda hamkorlik qiladi.

Rossiya ekstraditsiya talabini bajarmagan kamdan-kam hollarda esa O'zbekiston xavfsizlik kuchlarining mamlakatga kelib, istalgan shaxslarni og'irlab ketishiga imkoniyat yaratib berilgan.

Hisobotda bayon qilinishicha, deportatsiya qilingan yoki o'g'irlab ketilgan shaxslar O'zbekistonda qamoq va qiynoqqa tutilgan, majburan bo'yniga ayblar qo'yilgan. Ularning aksariyati uzoq muddatli qamoq jazolariga hukm qilngan va jazo muddatini noinsoniy va og'ir sharoitlarda o'tagan.

Tahlilnomaga ko'ra, O'zbekiston qamoqxonalarida qiynoqlar muntazam tus olgan. Hibsxonalar majburan ayblovni tan oldirish, mahbus va uning oila a'zolarini jazolash hamda boshqalarni jinoyatga sherik qilish va pora olish markazlariga aylangan. Qamoqlardan, odatda, tanqidiy ovozlarni o'chirish, siyosiy muxolifatni yo'q qilish hamda milliy xavfsizlikka tahdid sifatida ko'rilgan har qanday shaxsni jazolash maqsadida foydalaniladi.

"Xalqaro Amnistiya" Rossiyani bunday amaliyotlarga chek qo'yishga chaqirmoqda. Odam o'g'irlashga imkon berish, siyosiy qarashlari uchun mamlakatni tark etgan odamlarni deportatsiya qilish inson huquqlarini himoya qilish bo'yicha xalqaro hamjamiyat oldidagi majburiyatlarning keskin buzilishi hisoblanadi, deydi tashkilot.

"Xalqaro Amnistiya" tavsiya qilishicha, vataniga qaytsa, qiynoqqa solinishi ehtimoli yuqori bo'lgan hech bir inson O'zbekistonga jo'natilmasligi lozim. Hibsxona va tergov jarayonida qiynoq qo'llanmasligi uchun O'zbekiston hukumatiga bosimni oshirish kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG