Breaking News

Rossiya AQSh sanksiyalari ta'sirini seza boshladi


AQSh sanksiyalarining Rossiyaga ta'siri
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:07 0:00

Rossiya rasmiylarining aytishicha, AQSh sanksiyalari ortidan mamlakat valyutasining qadrsizlanishi vaqtinchalik holat bo'lib, Rossiya iqtisodiyoti unga bardosh bera oladi. Ammo ayrim ekspertlar jazo choralarining uzoq muddatli oqibatlari haqida ogohlantirmoqda. AQSh o'tgan hafta G'arb davlatlari ichki ishlariga aralashgani uchun Rossiyaga yangi iqtisodiy sanksiyalarni joriy etgan edi.

Moskvadagi xorijiy valyuta bozorida rubl qadrsizlanishda davom etmoqda. 2016-yilning dekabridan beri ilk bor bir dollar 63 rubldan oshdi. Rossiya Markaziy bankining aytishicha, mamlakat moliyaviy tizimiga hech qanday tahdid mavjud emas va bank ehtiyoj tug'ilganda zarur choralarni ko'rishga tayyor.

"Agar moliyaviy barqarorlikka xavf bo'lsa, Markaziy bank turli vaziyatlar uchun bir qator choralarni qo'llash imkoniyatiga ega. Lekin bizning fikrimizcha, hozir bunday xavflar yo'q va tizimli choralarga ehtiyoj mavjud emas. Albatta, vaziyatni kuzatamiz va zarur bo'lsa, tuzatishlarni amalga oshiramiz", - dedi Rossiya Markaziy banki rahbari Elvira Nabiullina.

Rossiyalik ekspertlar vahimaga o'rin yo'q, demoqda.

"AQSh hukumatining sanksiyalar bo'yicha qo'shimcha qadamlari aniq bo'lgach, birja bozori ham barqarorlashadi. Sanskiyalar yanada og'irlashmaydi, deb umid qilamiz, lekin vaziyat kelasi kunlar ichida beqarorligicha qoladi", - deydi tahlilchi Oleg Kuzmin.

Hozircha faqat AQSh bilan ishlovchi kompaniyalar nishonga olingan, ammo bu o'zgarishi mumkin.

"Xavotirni oshiradigan narsa shuki, Rossiya bilan biznes qilish g'arblik hamkorlar uchun zararli bo'lib bormoqda. Qora ro'yxatga tushgan kompaniyalar ko'payib boradi", - deydi ekspert Sergey Hasanov.

Qisqa muddatli asoratlar ham og'ir bo'lishi mumkin.

"O'rtacha rossiyalik iste'molchi savatining uchdan biri import mahsulotlaridan iborat. Shu bois rubl qadrsizlanishi bilan narxlar va inflyatsiya oshadi. Lekin rublning tushishi faqat sanksiyalarga bog'liq emas, avvalgi o'zgarishlar ham aloqador. Shu bois sanksiyalar ikkinchi darajali", - deydi Hasanov.

Rossiya Bosh vaziri Dmitriy Medvedev AQShni o'z iqtisodiy muammolarini sanksiyalar orqali hal qilishga urinayotganlikda aybladi.

"Ayrim yomon rossiyaliklarni jazolash kerak degan da'vo bu siyosiy ko'zbo'yamachilik. Bu masalaning iqtisodiy ahamiyatini yashira olmaydi. Iqtisodiy ahamiyati shundaki, amaldagi savdo qoidalari va mavjud tartibga zid ravishda Amerika butun dunyo bo'ylab o'z tijoriy manfaatlari ortidan quvmoqda", - dedi Medvedev.

AQShning yangi sanksiyalariga ko'ra, rossiyalik 24 shaxs va ularning kompaniyalari amerikaliklar bilan biznes qilishi mumkin emas. Jazolanganlarning sakkiztasi Prezident Vladimir Putin bilan yaqin ekani aytiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG