Breaking News

Moskvadagi xurujga aloqadorlikda Rossiya Ukrainani gumon qilmoqda


Rossiya Prezidenti Vladimir Putin “Krokus” konsert zalidagi terror xurujiga islomiy jangarilar qo’l urganini aytarkan, xuruj buyurtmachilari boshqa ekanini taxmin qildi, Ukrainaga ham ishora qildi.

Xalqaro hayot - 26-mart, 2024-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:54 0:00

Seshanba kuni Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi Nikolay Patrushev ham, Federal xavfsizlik xizmati direktori Aleksandr Bortnikov ham xuruj ortida Ukraina turganini aytdi. Bortnikov AQSh va Britaniyani ham ayblab, Ukraina Bosh razvedka boshqarmasi rahbari Kiril Budanovni qonuniy nishon deb atadi.

Putin xuruj Kiyevning qo’rqitish kampaniyasiga mos ekanini aytdi. Ukraina hukumati Moskvadagi voqealarga aloqadorligini inkor etgan.

“Bu yovuzlik neonatsist Kiyev rejimi qo‘li bilan 2014-yildan buyon mamlakatimiz bilan urush olib borayotganlarning butun bir qator urinishlarining bo‘g‘ini bo‘lishi mumkin”, - dedi Putin.

Jinoyatga qo’l urish gumoni bilan tojikistonlik to’rt fuqaro ushlangan. Ular 22-maygacha hibsxonada saqlanadi. Ularga yordam berish gumoni bilan yana to’rt kishi hibsga olingan.

Shulardan ikki nafari aka-uka, yana biri ularning otasi – ular ham tojik millatiga mansub, ammo ikkisining qo’lida Rossiya pasporti bor. To’rtinchi shaxs qirg’izistonlik Alisher Qosimov, u ham Rossiya fuqarosi.

Ular sud jarayonigacha hibsxonada qoladi. Qosimov uyini otishmada qatnashgan bir odamga ijaraga bergani aytiladi.

AQSh, Fransiya va G’arbdagi ayrim mamlakatlar “Islomiy davlat”ning xuruj uning ishi ekani haqidagi videosiga ishora qilib, Ukrainaning xurujga aloqasiz ekanini ta’kidlamoqda.

Rus matbuoti ommaviy otishmaga qo’l urganlar Rossiyaning Bryansk viloyatida, Ukraina chegarasi yaqinida ushlangani haqida xabar qilgan. Biroq ayrim tahlilchilar ularning Ukrainaga qochmoqchi ekani haqidagi gaplarga ishonmaydi.

“Ukraina bilan chegara hozir front chizig’i. Bryanskdan Ukraina tomon o’tadigan joyning o’zi yo’q. Chegarada qo’shinlar, FSB xodimlari bor”, - deydi tahlilchi Aleks Kokcharov.

Rus matbuoti Rossiya islomiy ekstremistlar nishoni ekaniga ishonmaydi, ammo boshqa bir tahlilchi Marta Ter buning aksini aytadi.

“Islomiy davlat” AQSh va Eron qatorida Rossiyani ham dushmanlaridan biri deb biladi. Rossiya Afg’onistonda bo’lgan, Suriyada shu kungacha Bashar Assad tarafida turibdi, Kavkazda musulmonlarga qarshi urush olib borgan”, - deydi ekspert.

Ayrim kuzatuvchilarga ko’ra, so’nggi xuruj Rossiyaga urushga yangi safarbarlikni e’lon qilishda, Ukrainada qo’shinlari sonini ko’paytirishda qo’l keladi.

Rossiya rasmiylariga ko’ra, jurnalist Darya Dugina, bloger Vladlen Tatarskiy, Rossiyaga qochgan ukrainalik sobiq deputat Ilya Kivani o’ldirgan suiqasd xurujlari, yozuvchi Zaxar Prilepin joniga qasd qilish harakatini Ukraina tarafidan amalga oshirilgan ko’plab terror xurujlari qatoriga qo’shish mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG