Breaking News

Putin: "Suriya masalasida pozitsiya o'zgarmaydi"


Rossiya prezidenti Vladimir Putin
Rossiya prezidenti Vladimir Putin
Rossiya prezidenti Vladimir Putinning aytishicha, Kreml Suriyaga nisbatan pozitsiyasini qayta ko’rib chiqishga tayyor emas.

Ma’lumki, Rossiya mojaroda Bashar al-Assad hukumatini qo’llab-quvvatlaydi. Rossiya G’arb BMT Xavfsizlik Kengashida olg’a surgan Suriyaga doir uch rezolyutsiya loyihasiga veto qo’ygan.



Putin nazarida G’arb davlatlari Assadni yiqitish maqsadida al-Qoida kabi terrorchi guruhlardan foydalanmoqda.

“Russia Today” telekanali Putindan “siyosatni o’zgartirish vaqti kelmadimi” deb so’raganida, davlat rahbari shunday javob berdi:

“Nega Suriyadagi mojaro xususida muzokara qilayotgan boshqa tomonlar pozitsiyasini qayta ko’rib chiqmaydiyu, biz shunday qilishimiz kerak ekan?”

Jangarilar yordamida Assadga qarshi ish qilish o’ta xavfli va uzoqni ko’zlamagan siyosatdir, deydi Putin.

Bu o’rtada Iroq Suriya hukumatiga qurol yetkazish maqsadida Eronga havo sarhadlarini ochganlikda gumon qilinmoqda. Masalaga oydinlik kiritish maqsadida AQShning nufuzli senatorlari bugun Bag’dodda.

Jon Makkeyn, Jo Liberman va Lindsi Grexem Bosh vazir Nuri al-Malikiy bilan uchrashuv chog’ida Eron va Suriyaga bu ishda yordam bermaslik haqida ogohlantirgan. Aks holda, dedi qonunchilar, AQSh bilan aloqalarga putur yetadi.

Iroq harbiy-havo kuchlarimiz yo’q, deya havo sarhadlarini himoya qila olmasligini aytmoqda. Biroq, deydi rasmiy Bag’dod, Eron samolyotlarining Suriyaga qurol yoki harbiy uskuna olib o’tgani haqida ma’lumot yo’q.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG