Rossiya ilk bor Suriyadagi asosiy muxolif guruh - Milliy koalitsiya bilan tinchlik muzokaralariga mezbonlik qilmoqda.
Tahlilchilarga ko'ra, Suriya Prezidenti Bashar Assadni shartsiz qo'llab-quvvatlaydigan paytlar o'tib ketdi, ammo Assad hokimiyatdan ketsa, islomiy jangarilar yana kuchayadi degan qo'rquv bor.
Suriya Milliy koalitsiyasi shu yilning fevral va aprel oylarida Moskvada o'tgan muzokaralarni boykot qilgan edi. Biroq guruh nazarida Kreml va Prezident Assad o'rtasidagi munosabatlar o'zgara boshlagan.
Rossiyalik siyosatshunoslar Suriya hukumati zaiflashib borayotgani va Moskva ham o'z pozitsiyasiga qayta baho berayotganini aytadi.
"Kreml Assad rejimi uzoqqa bormasligi va qulashiga endi ijobiy nuqtai nazardan qarayapti", - deydi Rossiya Islomiy qo'mitasi raisi Haydar Jamol.
Bu o'zgarishlarni yaqinda Turkiya va AQSh rahbarlari ham qayd etib o'tdi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashida o'tgan hafta Suriyada kimyoviy qurollar ishlatilgani va buni tekshirish masalasi ovozga qo'yildi. Rossiya rezolyutsiyaga qarshi chiqmadi. 2013-yilda Damashq yaqinida zarin gazidan yuzlab odam nobud bo'lgan edi, bu hujjat javobgarlarni topishga yo'l ochdi.
Ko'pchilik nazarida hujumni Suriya armiyasi amalga oshirgan. O'sha voqea ketidan Suriya kimyoviy qurollaridan voz kechishga ham rozi bo'lgan edi.
Biroq Rossiya mulozimlari Prezident Bashar al-Assad hamon yaqin ittifoqchi ekanini aytmoqda. Gap shundaki, "Islomiy davlat" terror guruhiga qarshi kurash bugungi kunda har narsadan muhimroq, deydi ular.
"Moskva Assadni ortiq quvvatlamaslik to'g'risida biror rasmiy bayonot bergan emas. Lekin Suriyada vaziyat o'zgarib borayapti va Rossiya yangi sharoitga moslashishga harakat qilmoqda", - deydi Yaqin Sharq tadqiqotlar markazi rahbari Aleksandr Shumilin.
Rossiyada xavotir shuki, Assad hukumatining parchalanishi diniy ekstremistlarga qo'l keladi. Suriyada isyonchilar safida minglab rossiyaliklar jang qilayotgani ma'lum.
Rossiya Fanlar akademiyasi a'zosi Boris Dolgov deydiki, Kreml Suriyada dunyoviy tuzum davom etishini istaydi. Prezident kim bo'lishi esa uncha muhim emas, deydi u.
"Human Rights Watch" xalqaro huquq tashkilotining qayd etishicha, Suriya armiyasi katta sonda talafot yetkazuvchi bombalarni qo'llab, "Islomiy davlat"dan ko'ra ko'proq odamni o'ldirgan. Ekstremistlarga qo'shilayotganlar ko'pligi shundan, deydi tashkilot xodimlari.
Moskvada o'tkazilayotgan muzokaralarga katta tayyorgarlik ko'rilgan. Rossiya, Saudiya Arabistoni va AQShning yetakchi diplomatlari birinchi marta bir stol atrofida o'tirib, Suriyani muhokama qilgan.
Aytish joiz, Saudiya Arabistoni, AQSh hamda Turkiya Prezident Assadni hokimiyatdan ketishga chaqirib keladi.
Saudiya Arabistoni va Rossiya tashqi ishlar vazirlarining yuzma-yuz uchrashuvida ham shu masala ko'tarilgan va muxolifat bilan dialog boshlashga kelishib olingan.
Kreml bu safargi muzokaralarda Suriya Milliy koalitsiyasi ham qatnashayotganiga uncha ahamiyat qaratayotgani yo'q. Biz muloqot qilayotgan oppozitsion guruhlardan biri xolos, deydi rasmiylar.
Suriyada qariyb besh yillik urush 250 ming kishining boshini yedi. Millionlab odam uy-joyini tashlab ketgan.