Breaking News

Rossiya Suriyadagi nishonlarni kemalardan ura boshladi


Rossiya harbiy-dengiz kuchlari Kaspiy dengizidan Suriyaga raketa otmoqda, 7-oktabr, 2015-yil
Rossiya harbiy-dengiz kuchlari Kaspiy dengizidan Suriyaga raketa otmoqda, 7-oktabr, 2015-yil

Suriyada "Islomiy davlat" jangari guruhini havodan nishonga olib kelayotgan Rossiya bugun ilk bor harbiy kemalarini ishga soldi. Mudofaa vaziri Sergey Shoyguning aytishicha, Kaspiy dengizidagi to'rt kemadan "Islomiy davlat"ning 11 obyektiga 26 ta raketa otilgan.

"Raketalar 1500 kilometrli masofani bosib o'tib, nishonga aniq urgan, tinch aholi orasida qurbonlar yo'q", - deya hisobot berdi vazir Prezident Vladimir Putinga.

AQSh va Turkiya Rossiyadan Suriyadagi harbiy harakatlarini muvofiqlashtirishni so'ragan. Bugun Rossiya va AQSh mudofaa vazirliklari rasmiylari uchrashib, buni muhokama qilishi kutilmoqda.

Britaniyadagi suriyalik huquq faollarining ma'lum qilishicha, Rossiyaning bugungi hujumlarida Hamo va Idlib viloyatlari o'qqa tutilgan, Suriya armiyasi hujumga o'tgan.

AQSh tomonidan tayyorlangan "Liva Suqur al-Jabar" isyonchi guruhining bildirishicha, Rossiya hujumlarida guruhning Halabdagi asosiy qurol ombori yo'q qilingan. O'tgan hafta esa uning Idlibdagi mashq lageri ham nishonga olingan edi.

Kreml AQSh yetakchiligidagi koalitsiyadan "Islomiy davlat"ga doir razvedka ma'lumotlari ulashishni so'ragan, NATO rad javobini berdi. Alyansning bildirishicha, Rossiya Assad hukumatini qo'llab-quvvatlashni to'xtatmaguncha qadar bu borada hamkorlik bo'lmaydi.

AQSh qo'shinlarini Iroq va Suriyaga kiritishni ko'pdan targ'ib qilib kelayotgan senator Jon Makkeyn Obama ma'muriyatining Suriyada Rossiya harakatlariga munosabatini tanqid qildi.

"Rossiya 1973-yildan beri ilk bor Yaqin Sharqda muhim rol o'ynay boshladi va ular barcha maqsadlariga erishmoqda. Biz esa qo'l qovushtirib, Rossiyani tanqid qilishdan nariga o'tmayapmiz", - deydi Makkeyn.

Qo'shma Shtatlar Iroq va Suriyada jangarilarni bir yildan beri havodan nishonga olib keladi - Suriyada 2600 dan ziyod, Iroqda 4600 bor bombardimon qilingan, ammo sezilarli natija yo'q.

Makkeyning aytishicha, Rossiya "Islomiy davlat"ni emas, Assad hukumatiga qarshi kurashayotgan mo'tadil jangarilarni nishonga olmoqda, AQSh esa ularni himoya qilishga ojiz.

Rossiya e'tiroziga ko'ra, jangarilarni yengish uchun Suriyada markaziy hukumatni kuchaytirish kerak va mojaroga yakun yasashni istagan guruhlar Assad kuchlariga qo'shilishi lozim.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG