Breaking News

Turkiya-Rossiya aloqalari Suriya siyosati sabab yanada taranglashishi mumkin


Shu hafta Rossiya qiruvchi samolyoti Turkiya havo sarhadlariga kirib qolgani aytiladi. Rossiya elchisi Tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirilib, unga norozilik notasi topshirilgan. Rossiyaning Suriyadagi harbiy amaliyotlari Turkiya va NATO tanqidiga uchramoqda.

Suriyadan Turkiya hududiga kirgan Rossiya samolyotini ortga qaytarish uchun havoga ikkita turk samolyoti ko'tarildi. Anqara Suriyadan kirgan har qanday harbiy samolyotni urib tushirishga buyruq bergan. Turkiya Bosh vaziri Ahmat Dovuto'g'li Rossiyadan ortiq bunday qilmaslikni so'radi.

"Xoh Rossiya, xoh boshqa davlatmi, Suriyaga nisbatan siyosatimiz o'zgarmagan. Turk chegarasini kimki buzsa, jazosini oladi", - dedi u.

Turkiya-Rossiya munosabatlari yaqingacha juda iliq bo'lgan. Kuzatuvchilarga ko'ra, ikki davlat prezidentlari til topisha olgani uchun. Biroq ularning Suriya bo'yicha siyosati qarama-qarshi bo'lgani sabab oraga sovuqlik tushgan.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an Rossiyaning Suriyadagi harbiy harakatlarini va Suriya Prezidenti Bashar Assadni qo'llab-quvvatlayotganini tanqid qildi. Erdog'an Assadning ketishini talab qilib kelgan rahbarlardan. Kuzatuvchilarga ko'ra, Rossiya Turkiyaning Suriyada parvozlar man etilgan zona yaratish rejasini puchga chiqardi.

Buning ustiga Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning suriyalik kurdlarni "Islomiy davlat" jangarilariga qarshi kurashayotganini maqtagani ham Turkiyaga yoqmayapti. Anqara Suriya va Turkiyadagi kurd jangarilarini terrorchi deb biladi.

"Jumhuriyet" gazetasi sharhlovchisi Semih Idiz mintaqada yaqinda yangi ittifoq tuzilishini taxmin qilmoqda.

"Suriyalik kurdlar Rossiyaning mamlakatga kirganini olqishlamoqda. Kurdlar yaqin orada Rossiyadan harbiy yordam olishi mumkin", - deydi Idiz.

Bu esa, deydi tahlilchilar, Turkiya-Rossiya munosabatlarining yanada taranglashishiga olib keladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG