Rossiya Suriya uzra harbiy parvozlarni davom ettirar ekan, AQSh boshchiligidagi xalqaro koalitsiya Suriya muxolifatiga qarshi hujumlarni bas qilishni talab qilmoqda. Kremlga maxsus murojaat bilan chiqqan.
AQSh nazarida, Rossiya "Islomiy davlat" jangari guruhiga qarshi kurash bahonasida Assad rejimini himoya qilayapti.
"Bu hujumlar ekstremizm va radikalizmni kuchaytiradi xolos", - deyiladi koalitsiya bayonotida.
"Islomiy davlat" manzillarini bir yildan beri bombardimon qilayotgan koalitsiyaga, jumladan, AQSh, Britaniya, Turkiya, Fransiya, Germaniya, Qatar va Saudiya Arabistoni kiradi.
Rossiya samolyotlari, bu davlat Mudofaa vazirligiga ko'ra, so'nggi 24 soat ichida jihodchilarning Raqqa shahridagi 12 dan ziyod manzillarini o'qqa tutgan. Kremlning so'zda va amalda maqsadi boshqa ekani haqidagi da'volarni vazirlik so'zlovchisi "bema'nilik" deya rad etdi.
Rossiya va koalitsiya samolyotlari bir-birini o'qqa tutishi xavfi bor. Bunday hodisalarni bartaraf etish uchun AQSh va rus harbiylari imkon boricha parvozlarni muvofiqlashtirishga harakat qilmoqda.
Kecha BMT Bosh Assambleyasida Suriya Tashqi ishlar vaziri Volid al-Muallim so'zga chiqib, Rossiya olib borayotgan amaliyotlarni olqishladi.
"Suriya armiyasi bilan bemaslahat va hukumati bilan hamkorlik qilmasdan o'tkazilayotgan havo hujumlaridan esa foyda yo'q. Biz terrorizmga qarshi kurashda Rossiyadan yordam so'radik va bu ishni hamkorlikda olib borayapmiz", - dedi Suriya mulozimi.
Suriyaga, shuningdek, Eron o'z harbiylarini safarbar etgani haqida xabarlar bor, ammo Pentagon buni tasdiqlamayapti.
"Agar bu xabarlar rost bo'lsa, Rossiya olib borayotgan harbiy amaliyotlar mojaroni yanada chigallashtirayotganidan dalolat bu", - deydi Oq uy so'zlovchisi Josh Ernest.
Yuzlab eronlik askarlar Suriya armiyasi qatorida jangga kirishgani haqida kuni-kecha Livandagi manbalar xabar berdi. Eron shu paytgacha Suriyaga faqat harbiy maslahatchilarini jo'natib turgan edi.
Islomiy respublika Rossiyaning havo hujumlarini qo'llab-quvvatlashini bildirgan.