Suriya muxolifati G’arb hukumatlarining Prezident Bashar Assadga yondashuvi o’zgarganidan g’azabda. To’rt yil davom etgan fuqarolar urushidan maqsad Assadni hokimiyatdan ag’darish edi. Endi esa G’arb o’tish davrida, ya’ni tinchlik o’rnatilmaguncha Assadning hokimiyatda qolishiga qarshi emasligini bildirdi.
Suriya isyonchilari G’arb davlatlarining Rossiya talablari oldida egilganini tanqid qilmoqda. Kreml Assadni qurol-aslaha bilan ta’minlab keladi, jangovar harbiy samolyotlar yuborgan.
Muxolifat a’zolari bunday o’zgarishdan nafaqat Assad rejimi foyda ko’rishini ta'kidlab, shuningdek, “Islomiy davlat” jangarilari kuchiga kuch qo’shilishidan ogohlantirmoqda.
“Rossiyaning Suriyaga qurol-aslaha yetkazishi bevosita bosqinchilik bilan barobar bo’lib, mojaroni yanada chuqurlashtirishi, natijada mamlakatni parchalab yuborishi mumkin”, - deydi G’arb tayanchiga ega “Ozod Suriya armiyasi” rasmiysi.
“Ozod Suriya armiyasi” va Suriya milliy uyushmasi qo’shma bayonotda ular G'arbing yangi qarashini qoralagan.
“Terrorchilarga qarshi kurashishning o’rniga G'arb Suriya suverenitetini buzib, rejimni dastaklamoqda. Bunday aralashuv vujudga kelgan bo’shliqni to’ldiradi, aslida esa uni Suriya xalqi to’ldirishi kerak edi”, - deyiladi bayonotda.
Bosqinchilik va zulm urushni siyosiy yo’l bilan hal qilish vositalari deb ko’rilishidan muxolifat a'zolari hayratga tushganini bildirar ekan, Assad va uning rejimi bilan muloqotni qoraladi.
“Dunyo bizdan yo’q javobini eshitadi”, - dedi ular.
G’arb qarashidagi o’zgarish
G’arb siyosatidagi bu o’zgarishga, aftidan, ikki omil turtki bo’lgan: Yevropani to’ldirib yuborayotgan qo’chqinlar oqimi hamda Rossiyaning Assad rejimini qurol-aslaha bilan ta’minlashi.
Yakshanba kuni Iroq rasmiylari “Islomiy davlat”ga qarshi kurashda Rossiya, Eron va Suriya bilan xavfsizlik va razvedka sohalarida hamkorlik qilish bo'yicha shartnoma imzolaganini ma’lum qildi.
Ayrim tahlilchilar fikricha, yaqin kelajakda Assadni hokimiyatdan chetlatmay turib, muammoni hal qilishga urinish samara bermaydi. "G’arbning “Islomiy davlat”ni asosiy dushman deb bilishi mojaro ortidagi murakkab dinamikani e’tiborsiz qoldirmoqda. G’arb Assadga qarshi kurashayotgan 100 ming suriyalik erkakning qotil diktator hokimiyatdan ketmaguncha kurashni to’xtatmaymiz, deb qasam ichganini yoddan chiqarmasin, deydi kuzatuvchilar.