Breaking News

Rossiya Suriyaga harbiy yordamni oshirmoqda


Rossiya Suriyani qurol-aslaha bilan ta’minlashda davom etmoqda. So’nggi paytlarda Moskva Prezident Bashar Assad nazoratida bo’lgan sohilda harbiy aviatsiyani kuchaytirishga qaror qilgan.

AQSh rasmiysining “Amerika Ovozi”ga ismini oshkor etmaslik sharti bilan aytishicha, Latakiya yaqinidagi Bassel al-Assad havo bazasiga Moskva 28 hujumchi uchqich yetkazgan.

“Bu harakatlar keng ko'lamli. Uzoq muddatni ko’zlayapti ular”, - deydi rasmiy.

Uchqichlar orasida 12 ta "Sukhoy" Su-25, 12 ta Su-24 bombardimonchi hamda to’rtta Su-30 hujumchi samolyot bor.

Su-30 ham havoda, ham yerda nihoyatda kuchli va murakkab hujumlarni amalga oshira oladigan uchqich.

Mutaxassislarga ko’ra, "Sukhoy" Su-25 uchqichlari Assad rejimiga Suriya jabhalaridagi barcha nishonlarga jiddiy zarba berish imkonini beradi.

Bazada, shuningdek, 20 ta hujumchi va transport vertolyoti hamda tanklar bor. Vertolyotlar soni o’tgan jumadan beri ko’paygan.

“Reyters” axborot agentligiga ko’ra, Rossiya Assad rejimiga razvedka maqsadida foydalanish uchun dronlar ajratgan.

Avvalroq aviabazaga kuniga ikkita Rossiya yuk tashuvchi samolyoti qo’nayotgani haqida xabar berilgan edi. U yerdagi inshootlarga esa 2000 askar joylashtirilishi mumkin. Bundan tashqari yana 50 desantchi bor.

“Suriyadagi vaziyatni yaqindan kuzatyapmiz, albatta. Har bir o’zgarishdan xabardormiz,” - deydi Pentagon so’zlovchisi kapitan Jeff Devis.

Rossiya qurol-aslaha va qo’shinlarining Suriyada ko’payishi xavotirlar uyg’otmoqda, chunki ular AQSh yetakchiligidagi havo hujumlariga qarshi chiqishi mumkin.

AQSh Mudofaa vaziri Eshton Karter juma kuni Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu bilan gaplashdi. Ikki rasmiy mojaroni to'xtatish yo’llarini topishga oid muzokaralarni davom ettirishga kelishib oldi. Ammo Pentagonning dushanba kuni bildirishicha, so’zlashuvlar ilk bosqichda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG