AQSh rahbari Barak Obamaning ta'kidlashicha, Rossiyaning so'nggi xatti-harakatlari Suriya mojarosiga siyosiy yechim topishni yanada qiyinlashtiradi.
Pentagon ma'lumotiga ko'ra, Kreml Suriyaga 200 askar, zirhli mashinalar hamda raketa boshqaruv sistemalarini yuborgan. Shuningdek, 1,5 ming zobitga mo'ljallangan ko'chma uylar qurmoqda.
Rossiya Damashqqa harbiy yordamni oshirayotgani AQShda xavotir bilan qarshi olinyapti. Moskva, o'z navbatida, Suriya masalasida maslahatlashib ish tutaylik, deydi.
Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Moskvada o'tgan matbuot anjumanida "Islomiy davlat" guruhiga qarshi kurashayotgan xalqaro koalitsiyani Suriya hukumati bilan hamkorlikka undadi. Kutilmagan, noxush hodisalarni bartaraf etish uchun bunday hamkorlik zarur, deydi Lavrov.
Kremlning bildirishicha, Prezident Bashar al-Assadga yetkazilayotgan aslaha "Islomiy davlat"ga qarshi kurashda ishlatiladi. Rus soldatlar esa Suriya armiyasiga harbiy texnikadan qanday foydalanishni o'rgatish uchun yuborilgan.
Suriya va Iroqning katta qismlarini bosib olgan jihodchilarni Vashington va Moskvda birdek dushman deb bilsa-da, Rossiya Assadni har tomonlama quvvatlab kelmoqda. AQSh nazarida esa toki Assad hokimiyatda qolar ekan, Suriyada barqarorlikka erishib bo'lmaydi.
Bu mamlakatda 2011-yilda boshlangan namoyishlar fuqaro urushiga aylanib, hozirgacha 250 ming kishining boshini yedi. Besh million odam uy-joysiz qolib, qo'shni davlatlarga, jumladan Yevropaga bosh olib ketgan.