Britaniya Mudofaa vazirligi hisobicha, Rossiya shu hafta Suriyada amalga oshirgan havo hujumlarining atigi 5 foizi "Islomiy davlat" jangarilarini nishonga olgan.
Britaniya Mudofaa vaziri Maykl Fallon "Sun" gazetasi bilan suhbatda aytishicha, Rossiya tashlayotgan bombalardan asosan Suriyadagi isyonchi guruhlar va oddiy aholi jabr ko'rmoqda.
AQSh Prezidenti Barak Obama kecha Oq uyda jurnalistlar bilan muloqotda Suriya mavzusini tilga oldi. Unga ko'ra, Amerika va Rossiya o'rtasida qandaydir bellashuv, raqobat ketayotgani yo'q.
Har ikki mamlakat "Islomiy davlat" ni dushman deb biladi, lekin Rossiya uchun Suriyadagi tuzumga qarshi kurashayotgan barcha boshqa to'dalar ham terrorchi. Qo'shma Shtatlar esa ayrim mo'tadil muxolif guruhlarni qo'llab-quvvatlaydi.
Obama so'zlariga ko'ra, Rossiya Assad hokimiyatini saqlab qolishga harakat qilmoqda.
"Vladimir Putin tuzgan koalitsiya faqat Suriya va Erondan iborat. Boshqa davlatlar bu strategiyani quvvatlayotgani yo'q", - dedi AQSh rahbari.
Kecha Prezident Putin Fransiya rahbari Fransua Olland bilan muloqotda bo'ldi. Rossiyaning Suriyadagi amaliyotlari faqat "Islomiy davlat"ga qaratilishi lozim, deydi Olland.
Fransiyani o'z ichiga olgan xalqaro koalitsiya nazarida, Rossiya "Islomiy davlat" jangari guruhiga qarshi kurash bahonasida Assad rejimini himoya qilayapti.
BMT Bosh Assambleyasida kecha Suriya Tashqi ishlar vaziri Volid al-Muallim so'zga chiqib, Rossiya olib borayotgan amaliyotlarni olqishladi.
"Suriya armiyasi bilan bemaslahat va hukumati bilan hamkorlik qilmasdan o'tkazilayotgan havo hujumlaridan esa foyda yo'q. Biz terrorizmga qarshi kurashda Rossiyadan yordam so'radik va bu ishni hamkorlikda olib borayapmiz", - dedi Suriya mulozimi.
Suriyaga, shuningdek, Eron o'z harbiylarini safarbar etgani haqida xabarlar bor, ammo Pentagon buni tasdiqlamayapti.
"Agar bu xabarlar rost bo'lsa, Rossiya olib borayotgan harbiy amaliyotlar mojaroni yanada chigallashtirayotganidan dalolat bu", - deydi Oq uy so'zlovchisi Josh Ernest.
Yuzlab eronlik askarlar Suriya armiyasi qatorida jangga kirishgani haqida kuni-kecha Livandagi manbalar xabar berdi. Eron shu paytgacha Suriyaga faqat harbiy maslahatchilarini jo'natib turgan edi.
Islomiy respublika Rossiyaning havo hujumlarini qo'llab-quvvatlashini bildirgan.