Breaking News

Inson savdosiga qarshi kurashda Rossiya past baho oldi


Bugun jahon bo’ylab 27 million erkak, ayol va bola qullikda hayot kechiradi. AQSh Davlat departamenti 188 davlatdagi vaziyatni tahlil qilib, yaqinda hisobot chiqardi.

Unda zamonaviy qulchilikka qarshi kurashda qanday choralar ko’rilayotgani asosida hukumatlarga baho beriladi. Rossiyaga doir xulosalar bilan tanishsak…

Tahlilnomada Rossiya inson savdosi va majburiy mehnat bilan bog’liq jinoyatlarning ham manbai, ham boshlang’ich va tranzit nuqtasi sifatida tilga olinadi.

Erkak, ayol va bolalarni zo’rlab ishlatish ayniqsa to’qimachilik sanoatida keng tarqalgan. So’nggi payt qurilish, ishlab chiqarish, qishloq xo’jaligi va xizmat ko’rsatish sohalarida ham qayd etilgan.

“Human Rights Watch” xalqaro huquq tashkilotiga ko’ra, shu yilgi Qishki Olimpiya o’yinlari uchun stadion va inshootlar qurishda hujjatsiz muhojirlar yoppasiga ekspluatatsiya qilingani ham fakt.

Hujjatda yozilishicha, rus ayollari va bolalarini mamlakatning o’zida va xorijda jinsiy xizmatlar ko’rsatishga majburlash hollari o’tgan bir yilda kamaygani yo’q. Yevropa, Janubi-sharqiy Osiyo, Afrika va Markaziy Osiyodan odamlar Rossiyaga olib kelinib pullanadi.

Zamonaviy qulchilikka barham berishga qaratilgan sa’y-harakatlarga kelganda Rossiya hukumati minimal talablarga ham javob bermaydi, deyiladi tahlilnomada. AQSh Kremlni bu masalaga ahamiyat qaratishga chaqirmoqda.

Davlat kotibi Jon Kerri deydiki, qonun ustuvorligi sust, korrupsiyaga botgan va fuqaro hukumat himoyasiga tayana olmaydigan jamiyatlarda odam savdosi barq uradi.

“Qonunlar hurmat qilinadigan, fuqaro o’z fikrini yuqoridagilarga ochiq bayon qila olsagina bu jinoyatlarga qarshi effektiv kurashish mumkin”, - deydi AQSh bosh diplomati.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG