Breaking News

G'arb va Rossiya munosabatlari keskinlashmoqda


Rossiya-G'arb munosabatlari keskinlashmoqda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:03 0:00

Moskvaning Ukrainada olib borayotgan agressiv siyosati ortidan G'arb va Rossiya o'rtasidagi ishonchsizlik yanada kuchaygan. Sharqiy Ukrainadagi inqirozni to'xtatish va o'zaro aloqalarni yaxshilash imkoni tobora yo'qolib bormoqda.

Rossiya harbiy mashg'ulotlarni kuchaytirdi.

NATO ham Qora dengizda o'z harbiylari sonini oshirgan.

Sharqiy Ukrainada hukumat va rossiyaparast kuchlar o'rtasidagi to'qnashuv vayronagarchilik ko'lamini oshirmoqda. Fevral oyida erishilgan tinchlik sulhiga hech bir tomon to'liq amal qilgani yo'q.

"Sulh juda zaif. Odamlar unga ishonmaydi", - deydi Lugansk fuqarolaridan biri.

Ukraina mojarosi G'arb va Rossiya aloqalarining kelajagiga rahna solmoqda.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining (YXHT) mintaqadagi roliga bag'ishlab Vashingtonda o'tkazilgan anjumanda AQSh Milliy xavfsizlik kengashi tahlilchisi Selest Uollender Rossiyani Ukrainadagi isyonchilarni qurol bilan ta'minlayotganlikda aybladi.

"Rossiya bilan birga ishlashimiz lozim bo'lgan va ishlanayotgan bir qator masalalar bor: Eron, Suriya, qurollar nazorati. Bular muhim masalalar. Ammo bizga ishonsa bo'ladigan hamkor kerak", - deydi u.

Forumda Ukrainaning AQShdagi elchisi Oleksandr Motsik Rossiya elchisi Sergey Kislyak bilan yonma-yon o'tirdi. Ammo ular o'rtasidagi ishonchsizlik va chuqur bo'linish kundek ravshan edi.

"Moldova va Gruziyaga ham o'tmasidan oldin bu urushni hoziroq to'xtatish kerak. Boltiq davlatlari va boshqa mamlakatlar ham bosqin xavfidan xoli emas", - deydi Ukraina elchisi Motsik.

"Rossiya Boltiq davlatlariga xavf solyapti degan Oleksandrning gaplari asossiz. Shunga qaramay, NATO chegarada kuchlari sonini oshirmoqda", - deydi Rossiya elchisi Sergey Kislyak.

Siyosatdonlar fikricha, Minsk kelishuvining ijrosini nazorat qilish uchun xalqaro kuzatuvchilar mojaro hududlarini erkin tekshira olishi kerak.

Rossiya esa bunga yo'l qo'ymayapti, deydi Ukraina va G'arb rasmiylari.

Kelasi yili YXHT raisligini qo'lga kiritadigan Germaniyaga ko'ra, Ukraina inqirozi trans-Atlantika xavfsizligiga tahdid solmoqda.

"Yevropa xavfsizligini ta'minlash hamda o'zaro ishonchni qayta tiklash eng muhim masala bo'ladi. Tabiiyki, Ukrainada sodir bo'lgan ishlar YXHTning mavjudligini savol ostiga qo'yadi. Chunki u hamkorlik va ishonch qurish maqsadida ochilgan", - deydi Germaniya vakili Rudiger Ludeking.

AQSh esa Rossiyaning bergan va'dalari ustidan chiqishiga shubha qiladi.

"Kuchli va ta'sirchan bir davlatning xatti-harakatlari Yevropaning farovon va xavfsiz bo'lishini ta'minlagan tartibga tahdid solmoqdami? Bu davlat, aslida, muammo yaratish bilan emas, balki ularga yechim topish bilan shug'ullanishi kerak", - deydi tahlilchi Uollender.

Qrim qo'shib olinganining bir yilligini nishonlagan Rossiya bu xavotirlarga jiddiy e'tibor berayotgani yo'q.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG