Rossiya AQSh hukumatidan moliya oluvchi to'qqizta ommaviy axborot vositasini "xorij agenti" sifatida tamg'alashi mumkinligi haqida ogohlantirdi.
Rossiya Davlat Dumasi ma'qullagan qonun chet ellik OAVlardan "xorij agenti" sifatida ro'yxatdan o'tishni talab qilishi mumkin.
Qonunchilarning bu qarori AQSh Adliya vazirligi Kreml qaramog'idagi "RT" telekanalini "xorij agenti" sifatida qayd etishni talab qilishi ortidan kuzatilmoqda.
Rossiyada 2012-yilda qabul qilingangan qonunda xorijdan pul oluvchi nodavlat tashkilotlar nishonga olingan edi. Unga kiritilgan o'zgartirishlarga ko'ra, endi moliya manbasi chet elda bo'lgan OAVlar ham "xorij agenti" deb ataladi.
Qonunda moliyaviy manbalari haqida batafsil ma'lumot berishi lozim bo'lgan OAVlar ro'yxati keltirilmagan, ammo Rossiya Adliya vazirligi yangi o'zgarishlar haqida "Amerika Ovozi", "Ozodlik" va boshqa xorijdan pul oluvchi yettita mahalliy ommaviy axborot vositasini xabardor qilganini bildirdi.
Duma spikerining aytishicha, agar xorijdan moliyalanigan OAVlar taklif etilayotgan yangi qonun asosida "xorij agenti" sifatida ro'yxatdan o'tmasa, mamlakatda ishlashiga ruxsat berilmaydi.
17-noyabr kuni AQShning Rossiyadagi elchisi Jon Hantsmen "Ozodlik" radiosining Moskvadagi byurosiga tashrif buyurdi. Uning jurnalistlar bilan uchrashuvda aytishicha, Rossiyaning yangi qonuni yuzasidan AQSh jiddiy xavtotirda. Elchiga ko'ra, AQShdagi qonunga javoban bunday chora ko'rilishi noto'g'ri.
"Bizning qonun 1938-yildan beri mavjud. Uning mavjudligiga sabab bor: u oshkoralikni targ'ib qiladi, chunki biz ishonamizki, yangilik va axborot olayotgan fuqarolarimiz bu ma'lumot qayerdan kelayotganini bilishga haqli. Agar u Amerika xalqiga qaysidir g'oyani o'tkazishga urinayotgan hukumatdan kelayotgan bo'lsa, qabul qilayotgan tomon buni bilishi kerak. Bu esa kimnidir "xorij agenti" deb tamg'alab, uning ishlashini umuman imkonsiz qilib qo'yishdan ancha farq qiladi", - dedi Hantsmen.
Facebook Forum