Breaking News

AQSh-Rossiya aloqalari ijobiy darajada, ammo a'lo emas


AQSh Davlat kotibi Xillari Klinton va Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov
AQSh Davlat kotibi Xillari Klinton va Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov
Barak Obama prezidentlikka kelgandan beri AQSh tashqi siyosatida Rossiya bilan munosabatlarni yaxshilashga muhim ahamiyat qaratilmoqda. Obama ma’muriyati buning uddasidan chiqa oldimi? Qanday muammolar bilan yuzlashdi?

Obama prezidentligining dastlabki to’rt yilida ikki tomonlama aloqalarda siljish kuzatildi. Xususan, strategik qurollarni nazorat etishga doir bitimning yangilanishi hamkorlik mahsulidan biridir.

Bundan tashqari, deydi Kolumbiya universitetida siyosatshunos Robert Legvold, Rossiya Qo’shma Shtatlarga o’z hududidan Afg’onistonga kirib-chiqishda foydalanishga ruxsat berdi.

"So’nggi yillarda Afg’onistonda qo’lga kiritilgan yutuqlarni boy bermaslik hamda qo’shin va harbiy texnikani Afg’onistondan chiqarish uchun juda ham muhim bitimga erishildi", - deydi tahlilchi.

Moskva bu maqsadda AQShga Ulyanovsk shahridagi harbiy bazadan foydalanish imkonini berdi. Baza kelasi ikki yilda Amerika qo’shinlari uchun asosiy tranzit markazi bo’ladi.

Kremlning so’nggi yillarda Eronga nisbatan pozitsiyasining kuchayishida ham Obama tashqi siyosatining roli katta, deydi kuzatuvchilar. Tehron yadro dasturini jadallashtirishda davom etar ekan, Rossiya BMTda Eronga qarshi qaratilgan sanksiyalarni AQSh va boshqa G’arb davlatlari kabi qo’llab-quvvatladi. Moskva islomiy respublikani S-300 raketalari bilan ta’minlashga qaratilgan shartnomani bekor qildi.

Amerikalik tahlilchi Stiven Jounsning aytishicha, Rossiya Eron bilan chegarada beqarorlik ehtimolidan xavotirda.

"Rossiya Tashqi ishlar vazirligi AQSh va Eron o’rtasida muzokara bo’lishiga qarshi emasligini bildirib, bayonot chiqardi. Bu juda muhim. Kreml yadro masalasining muzokaralarda uning ishtirokisiz ham hal etilishiga e’tiroz bildirmayapti", - deydi Jouns.

AQSh va Rossiya hamkorligi qurollar nazorati, Eron va Afg’oniston borasida ijobiy bo’lsa-da, tomonlar boshqa masalalarda kelisha olmayapti. Masalan, Suriyadagi mojaroga qanday barham berish xususida.

Obama ma’muriyati prezident Bashar al-Assad hokimiyatdan ketsin, demoqda. Moskva esa bunga qarshi. Hatto BMT Xavfsizlik Kengashida Suriyani jazolovchi rezolyutsiya loyihalarini o’tkazmadi.

Tahlilchi Stiven Jounsning aytishicha, Rossiya Assadga bosim qo’ysa, yaxshi bo’lardi.

"Ammo hozircha Kreml bu fikrdan yiroq. Rossiya Suriyada tuzum o’zgarishini, Assad o’rniga boshqasi kelishini istamaydi. Shunday bo’lgan taqdirda, yangi rahbar muxolifatdan chiqishi aniq va, demakki, Rossiyaga qarshi bo’ladi. Suriya Rossiya qurollari bozoridagi eng yaxshi xaridorlardan va Kreml undan ayrilishni xohlamaydi. Shuning uchun ham Moskva Assadni hokimiyatda qoldirishga zo’r bermoqda", - deydi Jouns.

AQSh-Rossiya noroziligiga sabab yana bir mavzu Obama ma’muriyatining NATO fotihasini olgan Yevropada ballistik raketa hujumidan mudofaa tizimini o’rnatish rejasi. Vashington va ittifoqchilar tizim qit’ani Eron kabi davlatlar ehtimoliy hujumidan mudofaa qilish uchun zarur desa, Moskva nazarida sistema Rossiyaning strategik raketalari salohiyatini cheklab, uni G’arb oldida zaiflashtiradi.

Kolumbiya universiteti professori Robert Legvoldning aytishicha, Kreml buni AQSh va NATOning Rossiya yadro salohiyatini ataylab tushirishga qaratilgan harakat deb, bo’rttirishni yaxshi ko’radi.

"Asl maqsad bu, deb o’ylamayman. Ammo ularni bunga ishontirish juda qiyin", - deydi tahlilchi.

Obama prezidentligining ikkinchi muddatida ham Rossiya bilan aloqalarga birinchi muddatdagi darajada e’tibor beriladimi, yo’qmi, hozircha bilish qiyin. Chunki ayni damda Oq uy ichki iqtisodiy masalalar va Yaqin Sharqdagi vaziyat bilan mashg’ul.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG