Rossiya hukumati Sovet paytida ayollar uchun yuzlab kasblarga qo’yilgan taqiqni bekor qildi. Masalan, ayollar endi metrodagi poyezdlarni boshqarishi mumkin.
“Metro ishchilari uchun bir e’longa ko’zim tushgandi. Mashinist ayollarni ishga olishayotgan ekan. Darrov borib, ariza berdim”, - deydi Kristina Vakulenko ismli moskvalik.
Rossiyada ayollar oldin ular uchun taqiqlangan 350 dan ortiq kasbdan birini endi egallashi mumkin. Sovet Ittifoqi paytida bu kasblar ayollar uchun xavfli deb hisoblangan edi.
So’nggi 10 yilda bu o’zgarishlar uchun sud idoralarida kurashgan ayollar huquqlari faollari buni g’alaba sifatida ko’rmoqda. Bundan keyin har bir ayol o’zi xohlagan ish bilan shug’ullanishi mumkin.
“Guvohnomam bo’lsa ham bu sohada ishlay olmasdim. Xafsalam pir edi. Davlat bu sohada o’qishga ruxsat bergani, ammo ishlashga bermagani haligacha men uchun jumboq”, - deydi yuk mashinasi haydovchisi Yevgeniya Markova.
Biroq tarixda doim ham bunday bo’lmagan.
Sovet Ittifoqida ayollar huquqlari kapitalistik G’arbdan ko’ra ancha kafolatlangan edi. Xususan, ta’lim olish va kasb-hunar egallash bobida. Buning natijasida Ikkinchi jahon urushi paytida ayollar front ortida mudofaa uchun ishlab chiqarishda salmoqli hissa qo’shgan.
Feminist ayollarning aytishicha, ayollar ham ishda, ham uyda mehnat qilishi kerak.
“Sovet Ittifoqida asosiy shior “erkaklar va ayollar ish joyida teng” edi. Ammo aslida bunday emas. SSSRda ham, hozir Rossiyada ham ayol kishining ikkita vazifasi bor”, - deydi Alyona Popova.
Teng huquqlar uchun kurash bugun ham davom etmoqda. Rossiya ayollari erkaklarga qaraganda o’rtacha 30 foizga kam maosh oladi. Bu sanoatlashgan mamlakatlar uchun eng katta tafovutdir.
Hukumat an’anaviy oilaviy munosabatlarni saqlash maqsadida oiladagi zo’ravonlikka qarshi yetarlicha kurashmayotgani ham tanqid ostida.
Ijtimoiy so’rov natijalariga ko’ra, qonunlar o’zgarayotgan bo’lsa-da, jamiyatda ayollarga nisbatan qarashlarning o’zgarishi qiyinroq kechmoqda,
“50-60 yoshli haydovchilar so’nggi o’zgarishlarga qarshi. Nima bo’pti? Ularning ishi”, - deydi Markova.
Konchilik va qurilish kabi yana salkam 100 kasb ayollar uchun hali ham yopiq. Ayollar huquqlari uchun kurashayotgan faollar bu marradan ham o’tishiga ishonadi.
“Nazarimda, barcha kasblarni ayollarga ochib tashlash kerak. Har bir ayol qaysi soha unga to’g’ri kelishini o’zi hal qilsin”, - deydi daryo kemasi kapitani Svetlana Medvedeva.
Facebook Forum