Amerikadagi rus pravoslav cherkovi vakillari Moskvaga borib, tajriba almashdi. Rishtalarni yaxshilash kerak, deya bildirmoqda tomonlar. Cherkovning siyosatdagi roli oshib bormoqda. Rus pravoslav cherkovi Kremlning targ’ibot vositasi.
Yakshanba kuni ibodatxonalar ayniqsa gavjum. Musiqiy dasturlar ko’pchilikni o’ziga tortadi.
Lekin bu safar xorda amerikalik mehmonlar. Professional qo’shiqchilar emas.
Guruhdagi 35 kishi uchun bu Rossiyaga ilk tashrif. Taqvodorlar uchun hayajonli damlar.
"Bizning siyosat bilan ishimiz yo’q. Biz uchun e’tiqod muhim. Biz pravoslav dunyosining odamlarimiz”,- deydi Vladimir Gorbik, xor rahbari.
Amerika va Rossiya orasidagi aloqalarni yaxshilashda din asosiy vositalardan biri bo’lishi kerak, Ukraina yuzasidan mojaro to’siq bo’lolmaydi, deydi ular.
Biroq cherkov va hukumat orasida o’ziga xos rishtalar bor. Rossiya misolida Kreml va taqvodorlarning tili birdek. Har ikkisi nazarida G’arb jar yoqasiga ketmoqda.
“Rossiya pravoslav cherkovidan Prezident Putin aholini, xususan, taqvodor ommani o’ziga og’dirish va hokimiyatni mustahkamlash yo’lida foydalanadi”,- deydi Aleksey Malashenko
Amerikadagi pravoslav cherkovi diniy-madaniy o’choq hisoblanadi. Hukumat va siyosatdan yiroqmiz, deydi uning a’zolari.
"Hukumat va cherkov Rossiyada bir-biriga yaqindan bog’lanib ketgan, ularni ajratish qiyin. Hukumat o’zgaraveradi, cherkov esa o’sha-o’sha. Ba’zida rahbariyat bilan chiqisha olmagan paytlar ham bo’lgan”, - deydi Aleks Lukyanov, Patriarx Tixon Rossiya-Amerika musiqiy instituti vakili.
Aleks Lukyanov deydiki, cherkov Rossiyada keng ko’lamda savob ishlarni amalga oshirmoqda. Eski ibodatxonalar tiklanmoqda, diniy dargohlar jamiyat ravnaqi yo’lida hissa qo’shmoqda.
Rossiyalik mezbonlar amerikalik mehmonlar bilan bir narsada kelishib oldi: siyosiy aloqalar yaxshilanadimi-yo’q, bu tashriflar har yili qilinadi va diniy hamkorlik rivojlanaveradi.