Breaking News

Ruanda qatliomidan saboqlar


Yuzlab ming fuqaro hayotiga zomin bo’lgan Ruanda qatliomiga 20 yil to’ldi. O’shanda qudratli davlatlar qirg’inni to’xtatish uchun tezkor choralar ko’rmagan. Afrikadagi mudhish voqealardan qanday saboq olingan? Ommaviy zo’ravonliklar takrorlanmasligi uchun qanday choralar ko’rilmoqda?
Ruanda qatliomidan saboqlar/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:26 0:00
Yuklab oling

1994-yil 7-aprelidan boshlab 100 kun davomida 800 ming ruandalik qirib yuborilgani butun dunyoni larzaga solgan.

Ruandada hukmron xutular uch oy ichida ozchiliklagi tutsilarning 70 foizini hamda mo’tadil qarashga ega ko’pgina xutularni o’ldirib yuborgan.

AQSh prezidenti Bill Klinton qirg’inni to’xtatishga harakat qilmagani uchun o’z mamlakati va xalqaro sahnada tanqidga uchragan o’shanda. To’rt yil o’tgach, u Ruandaga borib xalqdan kechirim so’radi.

“Qotilliklar boshlanganida biz tezda chora ko’rmadik. Butun dunyo bo’ylab menga o’xshab har kuni ishxonasida o’tirgan va sizlarning aql bovar qilmaydigan dahshatda qolganingizni tushunmagan odamlar talay. Biz na bu fojea ko’lami, na tezligini anglab yetganmiz”, - degan edi Klinton.

Bu hech qachon takrorlanmaydi degan ahdu-va’dalarga qaramasdan, dunyoning turli chekkalarida oddiy odamlarga qarshi zo’ravonliklar davom etmoqda.

Sudanning Darfur viloyatidagi genotsid va Markaziy Afrika Respublikasidagi mazhablararo to’qnashuvlar bunga misol. Millionlab odamlar o’ldirildi va boshpanasiz qoldi.

Suriyada fuqarolar urushi shu kungacha 150 ming odamning yostig’ini quritdi. Prezident Barak Obama qat’iyatsiz, degan tanqidlar ostida qoldi.

“Xalqaro Amnistiya” huquq tashkilotidan Adotey Akvey Suriyada qon daryo bo’lib oqayotganida Rossiyani, BMT Xavfsizlik Kengashida veto vakolatiga ega bu davlatni ayblaydi.

“Xalqaro hamjamiyat bu inqirozdan chiqishning bir yo’lini topishi kerak. Obama ma’muriyati harakat qilib kelyapti, lekin hech qanday natijaga erisholmayapti”, - deydi u.

Tajribali diplomat, AQSh Tinchlik instituti eskperti Jonni Karson deydiki, Ruandadan olingan saboq – “tezroq harakat qilish kerak”.

“Xalqaro hamjamiyat ixtiyoridagi barcha resurslarni jamlab, vahshiyliklar boshlanishi bilanoq ishga kirishmoq lozim”.

Ruanda va boshqa o’lkalardagi qirg’inlar prezident Obamani maxsus kengash tuzishga chorladi.

“Bu idoralararo guruh bo’lib, bir oyda bir marta yig’iladi, Milliy Xavfsizlik agentligi qoshida faoliyat yuritadi. Uning ishi genotsid yoki ommaviy xunrezlikka yetaklashi mumkin bo’lgan vaziyatlarni kuzatib borish,” - tushuntiradi Karson.

“Xalqaro Amnistiya” tashkiloti Obamaning tashabbusini ijobiy baholaydi, lekin…

“Ixtilof va nafratni qo’zg’atuvchi targ’ibotni boshidayoq aniqlab, odamlar hayotiga tahdid tug’ilmasidan vaziyatni o’zgartirishga harakat qilishimiz kerak”, - deydi huquq faollari.

Genotsidlarni bartaraf etishning eng samarali usuli – ogohlik va jahon ahli kuzatib turganini namoyish etish.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG